17 mart kuni Buxoro viloyati sudi binosida 2022 yil 1−2 iyul kunlari Nukusda ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblanayotgan 39 nafar sudlanuvchiga nisbatan sud hukmi o‘qib eshittiriladi, deya xabar bermoqda komissiya matbuot xizmati.

Sudda Qoraqalpog‘istonda yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya a’zolari ombudsman Feruza Eshmatova boshchiligida qatnashmoqda. Ular sud raisidan ayblanuvchilarga jazo tayinlashda insonparvarlik tamoyillari asosida, ularning sodir etgan qilmishlaridan chin ko‘ngildan pushaymon ekani, o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargani, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari borligi, oilaviy sharoiti va ijtimoiy holatini e’tiborga olib, adolat mezonlariga muvofiq jazo tayinlanishini so‘radi.

“Mustaqil komissiya so‘nggi yillarda sud tizimida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarga tayangan holda ayblanuvchilarga nisbatan adolatli va odil qaror qabul qilinishiga ishonadi”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot o‘rnida, bu Nukus va Qoraqalpog‘iston viloyatlaridagi voqealar bo‘yicha ikkinchi sud jarayonidir. Birinchi sud jarayoni 31 yanvar kuni yakunlandi, sudlanuvchilar kursisida 22 kishi bor edi. Ulardan to‘rt nafariga bir necha yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi, qolganlari 3 yildan 16 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.