O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining 13 mart kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida viloyatda yakshanba kunini «ota-onalarning farzand qabul kuni» deb e’lon qilishni taklif etdi.

Davlat rahbari yig‘ilishda maktab va maktabgacha ta’lim muammolari, bu borada ota-onalarning majburiyatini oshirish muhimligi haqida to‘xtaldi.

«Bog‘chaga borgan bolamiz bilan bormagan bolamizning farqi qandayligini faqatgina onalar biladi, ayol biladi. Vazirlar xulosa qilishi kerak. Shuning uchun Surxondaryoda ham [maktabgacha ta’limga qamrab olish darajasi] 61 foiz menga ma’qul emas. Ana shuning taklifini menga aytasizlar», — dedi davlat rahbari (iqtibos «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi lavhasidan).

U bola maktabda kamida ikkita til va bitta kasbni o‘rganib chiqishi kerakligini yana bir bor ta’kidladi.

«Agar til bilsa, u hamma joyda ish topa oladi. Bir yil 50 foiz oylik olib kelsa, bilasizlarmi, farzandimizning oilada obro‘si o‘zgaradi. Farzandning tarbiyasi o‘zgaradi. U 11-sinfni mukammal tugatib olib, o‘zining yo‘lini topib oladi agar hunari bo‘lsa, tili bo‘lsa», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari 1 apreldan shanba-yakshanbani «ota-onalarning farzand qabul kuni» Surxondaryo tajribasi qilishni taklif etar ekan, «butun respublikada duv-duv gap bo‘lib ketsin», — dedi.

«Ota-ona, bobolarimiz o‘zimizning farzandlarimizni o‘zimiz qabul qilaylik. Ishlarni shundan boshlasak, bola maktabda yaxshi o‘qisa, tugatib olsak, oliygohga yaxshi mutaxassislar kiradi. Oliygohni tugatgan odam ertaga islohotni amalga oshiradi. Mana nima uchun men kuyib-pishib gapiryapman», — deya qayd etdi prezident.