Rossiya terma jamoasi 2023 yil iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (CAFA) turnirida ishtirok etadi, deya xabar bermoqda «Match TV» Tojikiston Futbol federatsiyasi matbuot kotibi Faridun Saliyevga tayanib.

«Rossiya terma jamoasi joriy yilning 9−21 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan erkaklar terma jamoalari ishtirokidagi birinchi CAFA chempionatida ishtirok etadi», — degan u.

Guruh bosqichi o‘yinlari Toshkent va Bishkekda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Rossiya futbol ittifoqi (RFS) aloqa xizmati «ayni paytda Rossiya terma jamoasining ushbu turnirda ishtirok etish imkoniyati va shartlari muhokama qilinayotgani»ni ma’lum qildi.

CAFA`ning barcha olti a’zosi — Tojikiston, Eron, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Afg‘oniston turnirdagi ishtirokini tasdiqladi. Shuningdek, CAFA Osiyo jamoalaridan birini yangi turnirda ishtirok etishga taklif qildi.

Tashkilotchilarning rejalariga ko‘ra, sakkizta terma jamoa har biri to‘rttadan ikkita guruhga bo‘linadi. Uchrashuvlar davra tizimida o‘tkaziladi. Finalda birinchi o‘rinni egallagan jamoalar o‘ynaydi. Ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar uchinchi o‘rin uchun bahsda to‘qnash kelishadi.

«Chempionat»ning xabar qilishicha, turnir o‘rtoqlik o‘yini maqomiga ega bo‘ladi, shuning uchun «Rossiya terma jamoasi unda ishtirok eta oladi».

UEFA va FIFA sanksiyalari tufayli Rossiya klublari va jamoalari xalqaro musobaqalarda qatnasha olmaydi. O‘tgan yilning oxirida RFS ijroiya qo‘mitasi UEFAdan Osiyo Futbol Konfederatsiyasiga o‘tish masalasi bilan shug‘ullanadigan ishchi guruh tuzdi. Ushbu guruh Osiyoga ko‘chib o‘tish masalasini — uning barcha ijobiy va salbiy tomonlarini o‘rganadi.

Central Asian Football Association (CAFA) yoki Markaziy Osiyo Futbol Assotsiatsiyasi Osiyo Futbol Federatsiyasi tarkibiga kiruvchi bo‘linma bo‘lib, ushbu mintaqada futbolni nazorat qiladi. Uning tarkibiga Afg‘oniston, Eron, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston federatsiyalari kiradi. Subfederatsiya ilgari Yaqin Sharq mamlakatlari bilan bir assotsiatsiyaga mansub bo‘lgan Eron tashabbusi bilan tuzilgan. Ushbu davlatning ajralib chiqish qarori bir qator arab vakillari bilan kelishmovchiliklar tufayli qabul qilingan.

Assotsiatsiya 2015 yil yanvarida ish boshlagan.