Namanganda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda katta miqdordagi narkotik moddalarning «o‘zbek-qirg‘iz» davlat chegarasidan noqonuniy o‘tkazilgan holati aniqlandi, deya xabar qilmoqda DXX axborot xizmati.

Xususan, davlat chegarasining Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tuvchi qismida noma’lum shaxslar tomonidan qoldirib ketilgan 14 kg 512 gr «gashish» moddasi borligi aniqlandi.

«Namangan-Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan avtomashinada Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan fuqaroga tegishli qo‘l sumkasi ichida 50 gr «geroin» moddasi, 672 dona «Regapen» va 300 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, Qirg‘iziston fuqarosi tomonidan Yangiqo‘rg‘on tumani hududiga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan giyohvandlik vositalarini 1800 AQSh dollariga sotib olgan, buxorolik shaxs ham Ohangaron tumanidagi «Chinor» YPX maskanida ushlandi.

Mazkur shaxslar talabalar hisoblanib, ular poytaxtda narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullangan.