O‘zgidromet xizmati agentligi hafta davomida — 6−10 mart kunlari kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Dushanba kuni Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek kunning birinchi yarmida markaziy viloyatlarning ayrim joylarida va respublikaning eng cheka janubida yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida yomg‘ir yog‘adi, baland tog‘larda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin.

Qolgan hududlar bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzgi harorat +17…+22 daraja atrofida, janubda ba’zi joylarda +23 darajagacha bo‘ladi.

7 martda mamlakat hududga Turkmaniston hududlaridan quruq va juda iliq havo kirib kelishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, kunduzgi havo harorati +25…+28 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +30 darajagacha ko‘tariladi.

8 va 10 martda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. 9 martda yog‘ingarchilik kutilmaydi. 8 martda kunduzgi harorat +15…+18 darajagacha pasayadi, 9−10 martda harorat yana ko‘tarila boshlaydi va 10 martga kelib, +21…+26 darajani tashkil etadi.

6−9 martda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatiladi. 7 martda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida shamol 22−25 m/s gacha kuchayishi mumkin.

6−10 martda tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Poytaxtda dushanba kunining birinchi yarmida, 8 martda kun davomida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 7−9 martda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7−12 m/s tezlikda esadi.

Kunduz kuni havo harorati +19…+21 darajani tashkil etadi, ertaga havo +25…+27 darajagacha isiydi, 8−9 mart kunlari +17…+19 daraja bo‘ladi.