Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov farmoni bilan yordam sifatida yuborilgan bepul suyultirilgan gaz ortilgan vagonlar 19 fevral kuni O‘zbekistonga yetib keldi, deya xabar berdi «Hududgazta’minot» matbuot xizmati.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va qardoshlik munosabatlarini yanada mustahkamlash, O‘zbekistonni do‘stona va birodarlik bilan qo‘llab-quvvatlash maqsadida yuborilgan gaz Qoraqalpog‘iston aholisiga tarqatilmoqda.

«Hududgazta’minot» matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Turkmanistondan jami 2 ming tonna suyultirilgan gaz keltirilgan. Shundan ming tonna Qoraqalpog‘istonga, qolgan ming tonna Xorazm viloyati aholisiga tarqatilishi reja qilingan.

Avvalroq Energetika vazirligi gaz partiyasi ehtiyojmand oilalarga bepul tarqatilishini bildirgandi. O‘zbekiston tomoni bunga javoban qo‘shni mamlakatga 20 ta Volkswagen Caddy «Tez yordam» mashinasi jo‘natgan.

Dekabr-yanvar oylarida O‘zbekiston harorat keskin sovib ketishi, gaz va elektr energiyasi iste’moli ortishi sababli energetika inqiroziga duch keldi. Mamlakatda gaz quyish shoxobchalari yopildi, elektr energiyasi uzilib qoldi va uzilishlar ta’sirini yumshatish uchun boshqa choralar ko‘rildi.

Xususan, O‘zbekiston Turkmaniston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri (Rossiya ishtirokisiz) qishda 1,5 milliard kub metr gaz importi bo‘yicha kelishuvga erishgandi.

Turkmanistondagi «Galkinish» konida yuz bergan avariya va O‘zbekistonga gaz yetkazib berishda kuzatilgan uzilishlar sabab «Turkmangaz» konsernida bir necha kishi hibsga olingan. O‘zbekiston Energetika vazirligi uzilish uchun Turkmanistondan kompensatsiya talab qilingani haqidagi xabarni rad etgan.