Turkiyada ro‘y bergan zilzilalar oqibatida Malatya provinsiyasida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi axborotida ma’lum qilindi.

2023 yil 7 fevral (Toshkent vaqti bilan) soat 10.00 holatiga ko‘ra, zilzila oqibatida Malatya provinsiyasida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lganini afsus va chuqur qayg‘u bilan qayd etamiz. Tashqi ishlar vazirligi marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga o‘z hamdardligini bildiradi, — deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, to‘rt nafar o‘zbekistonlik bedarak yo‘qolgan. Ularni topish bo‘yicha tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilmoqda.

Hozirda zilzila oqibatida zarar ko‘rgan fuqarolarga tegishli yordam ko‘rsatish va ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish maqsadida O‘zbekistonning Anqara shahridagi elchixonasi qoshida 24 soat faoliyat yuritadigan shtab tashkil etilgan bo‘lib, unga quyidagi raqam orqali murojaat qilish mumkin: +90−538−035−85−34.

Prezident topshirig‘iga muvofiq Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida safarbar etilgan O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari Hatay viloyatining Ovakent qishlog‘ida qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan. Bu hududda asosan 10 mingdan ortiq etnik o‘zbeklar istiqomat qiladi.

O‘zbekistonning Anqara shahridagi elchixonasi va Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan fuqarolarni tabiiy ofat hududlaridan xavfsiz joylarga ko‘chirish va mamlakatga olib kelish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 3−6 fevral kunlari Kahramanmarash shahrida 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida erkin kurash bo‘yicha xalqaro musobaqada ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi Turkiya tomoni bilan hamkorlikda Anqaradagi ta’lim markaziga vaqtinchalik joylashtirildi va ularning O‘zbekistonga qaytarish masalalari ishlab chiqilmoqda.