Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida joylashgan ko‘lda «Qizil kitob»ga kiritilgan bir bosh saqoqush qarmoq yordamida ushlanib, vahshiylarcha o‘ldirilgani aks etgan video tarqaldi.

«Aydar-Arnasoy» ko‘llar tizimi xodimlari holat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazganda qush ovlagan shaxs aniqlandi. U mazkur holatda «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi hamda «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonun talablarini buzgani ma’lum bo‘ldi.

Tabiat resurslari vazirligi rahbari o‘zining Facebook`dagi sahifasida «Qizil kitob»ga kiritilgan saqoqushni o‘ldirganlarga qonuniy chora ko‘rilishi haqida yozdi.

«Saqoqush (pelikan) O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»iga kiritilgan tur bo‘lgani sababli huquqbuzarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zararni undirish maqsadida to‘plangan hujjatlar tegishli prokuratura organlariga taqdim etilgan», deyiladi vazirlik xabarida.