O‘zgidromet xizmati agentligi O‘zbekistonga O‘rta dengiz hududlaridan nam va nisbatan iliq havo massalari kirib kelishi kutilayotgani munosabati bilan tezkor gidrometeorologik axborot bilan chiqdi.
31 yanvar va 1−2 fevral kunlari mamlakat bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. 1−2 fevralda Navoiy, Samarqand, Jizzax viloyatlarining ayrim joylarida shamol 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Yog‘ingarchilik miqdori taqsimlanishi xaritasi
Xarita: O‘zgidromet
Respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik, asosan yomg‘ir ko‘rinishida bo‘ladi, shuningdek, Samarqand, Jizzax, Toshkent viloyatlarida 1−2 fevral kunlari ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.
1−3 fevral kunlari kutilayotgan kuchli yomg‘irlar yog‘ishi sababli, respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin:
- Qashqadaryo viloyati: Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlarida;
- Surxondaryo viloyati: Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrobot tumanlarida;
- Samarqand viloyati: Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Poyariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;
- Navoiy viloyati: Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex, Karmana tumanlarida;
- Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;
- Toshkent viloyati: Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;
- Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
- Farg‘ona viloyati: So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida;
- Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonabod shahrida.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarni, dam oluvchilarni hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlarini so‘raymiz.