Germaniya Ukrainaga Leopard 2 asosiy jangovar tanklarini yuboradi va ularni hamkor davlatlardan yetkazib berishga ruxsat beradi, deyiladi Germaniya hukumati saytidagi rasmiy bayonotda.

Maqsad — Ukraina uchun Leopard 2 avtomashinalaridan tezda ikkita tank batalonini yig‘ish. Birinchi qadam sifatida Germaniya tank kompaniyasi uchun Bundesver zaxiralaridan 14 ta Leopard 2 A6 birliklarini beradi.

«Ukrainaga Leopard 2 tanklarini yetkazib berish to‘g‘risidagi qaror bizning Ukrainani qo‘limizdan kelgancha qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha taniqli yo‘nalishimizga amal qiladi», — dedi Germaniya kansleri Olaf Shols.

Germaniya, shuningdek, ukrainalik ekipajlarni o‘qitadi, o‘q-dorilarni yetkazib beradi hamda logistik va texnik xizmat ko‘rsatadi.

ABC telekanali xabariga ko‘ra, yana 100 ga yaqin bu tanklarni Ukrainaga 12 ittifoqchi davlat, jumladan Daniya, Ispaniya, Niderlandiya, Polsha va Finlyandiya ham yetkazib berishga tayyor.

Yevropa davlatlari tomonidan Ukrainaga tank yetkazib berish haqidagi munozaralar bir necha oy davom etdi. Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal birinchi marta 2022 yil sentabr oyida Germaniyaga jangovar tanklarni yetkazib berish iltimosi bilan murojaat qildi. Biroq Olaf Shols bu iltimosni rad etgandi.

Germaniyada ular o‘z pozitsiyalarini Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushining kuchayishi tahdidi va Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatish masalasida xalqaro muvofiqlashtirish zarurati bilan bog‘lashga majbur bo‘lganliklari bilan izohladilar, deb yozadi Deutsche Welle. Germaniya kansleri bu pozitsiyasi uchun bir necha bor tanqid qilindi.

Rossiya Germaniyaning Ukrainaga tanklar yetkazib berishini mojaroning yanada xavfli darajaga ko‘tarilishi deb atadi. «Ushbu o‘ta xavfli qaror mojaroni yangi qarama-qarshilik darajasiga olib chiqadi va nemis siyosatchilarining GFRning unga aralashishni istamasligi haqidagi bayonotlariga ziddir», — dedi Rossiyaning Germaniyadagi elchisi Sergey Nechayev.

Dekabrda Ukraina Qurolli Kuchlari (UKK) bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarini ozod qilish va o‘tgan yilning fevralidagi chegaralariga yetib borish uchun UKKga 300 ta tank, 600−700 ta BMP va 500 ta gaubitsa kerak bo‘lishini aytgandi.