Toshkent tumanida tibbiyot xodimiga jarohat yetkazgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi.

Aniqlanishicha, 22 yanvar kuni 16:30 da Toshkent tumani tez tibbiy yordam bo‘limi xodimlari (shifokor va feldsher) xizmat vaqtida kelib tushgan chaqiruvga asosan, tumanda joylashgan «Qorabo‘riq» MFYga borgan. Xonadonda yiqilib tushib, jarohat olgan bemor (ayol)ga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatayotgan vaqtlarida ayolning o‘g‘li (1999 yilda tug‘ilgan O‘.A.) kelib, chaqiruvga ayol hamshira kelmagani uchun janjal qilgan.

Tibbiyot xodimlari xizmat vazifasini bajargan va zaruratga ko‘ra bemorni shifoxonaga olib borgan. Shu vaqtda bemorning o‘g‘li kelib, tushuntirishlarga qaramay, janjalni davom ettirgan va feldsher — 1993 yilda tug‘ilgan U.U.ni urib, unga jarohat yetkazgan, holat yuzasidan tibbiy ekspertiza tayinlangan.

24 yoshli fuqaro O‘.A. IIB xodimlari tomonidan protsessual tartibda ushlangan, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Toshkent tumani IIB tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonda shifokorlar va tibbiyot xodimlariga kuch ishlatish holatlari tez-tez uchrab turadi. Xususan, bundan 2 hafta oldin ham Surxondaryoning Boysun tumanida tibbiyot birlashmasi shifokori 2 kishi tomonidan kaltaklangandi.

Shuningdek, turli vaqtlarda poytaxtning Mirobod, Yakkasaroy tumanlari, Sirdaryo, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Jizzax, Navoiy kabi viloyatlarda shifokorlar faoliyatiga qarshilik ko‘rsatilgan yoxud kaltaklangan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 9 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida SSV Davolash profilaktika yordamini tashkillashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Umid Risqiyev «Gazeta.uz» muxbiri savoliga javob bera turib, shifokorlarni bodikamera bilan ta’minlash masalasiga munosabat bildirgandi.

Agar bodikamera bilan himoyalanadigan bo‘lsak, ichki ishlar xodimlari bilan ham tajovuz holatlari yo‘lga tushishi kerak edi. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rib turibsizlar, ba’zi joylarda bodikamerasi bor YPX xodimlarini mashina «kapot»iga o‘tirgizdirib olib, sayr qildirib yurgan videolar tarqalyapti. Bu himoya bo‘la olmaydi. To‘g‘ri, tibbiyot xodimlarini kaltaklanishi juda achinarli, jamiyatimizga umuman to‘g‘ri kelmaydigan harakat. Yordam so‘rab yotgan bemorning oldiga kelib, yordam berishga harakat qilayotgan shifokorni urish o‘sha odamning tafakkuri ancha pastligini bildiradi», — degan Umid Risqiyev.

U tajovuz holatlarini kamaytirish uchun OAVning yordami kerakligi, zo‘ravonlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan.

«15 sutkalik qamoq jazosi yoki Ma’muriy kodeksga o‘zgartirish kiritish, jarimalar miqdorini ko‘paytirish bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda Oliy Majlis tomonidan ko‘rib chiqilyapti. Bundan tashqari, sizlar (OAV vakillari) tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish holati qay darajada yomonligini, bu xalqimizga umuman to‘g‘ri kelmaydigan jarayon ekanini qoralab yordam bersalaringiz, o‘ylaymanki, odamlarning ongi sal o‘zgaradi va tajovuzlar asta-sekin kamayadi», — deya OAV vakillariga yuzlangan SSV rasmiysi.