Hukumatning gaz eksporti cheklangani haqidagi bayonotiga qaramay, eksport qilingan gaz bo‘yicha O‘zbekiston va Xitoy statistikalari gaz tranziti hajmini hisobga olinganda ham farq qilmoqda. «Gazeta.uz» O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Statistika agentligi va Xitoy bojxona boshqarmasi ma’lumotlarini o‘rganib, shunday xulosaga keldi.

Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekiston tomonidan 910,9 million dollarlik gaz eksport qilingan. Eksportning katta qismi Xitoyga to‘g‘ri keladi.

Xitoy tomoni 1,07 milliard dollarlik o‘zbek gazini import qilganini ma’lum qildi. Bu O‘zbekiston ma’lumotlariga nisbatan 159,5 million dollar yoki 18,2 foizga ko‘p. Agar 10 oyda 5,5 million dollarlik gaz eksport qilingan Qirg‘iziston bo‘yicha ham ma’lumotlar oshkor qilinsa, farq bundan katta bo‘lishi mumkin.

«Gazeta.uz» gaz bo‘yicha statistikadagi farqlar haqida avvalroq yozgandi. Xususan, noyabr oyida O‘zbekiston Xitoyga 39,6 million AQSh dollarlik gaz eksport qilgan, ammo Xitoy tomoni O‘zbekistondan 114,2 million dollarlik gaz import qilganini e’lon qildi (farq deyarli 3 baravar).

Bunga javoban O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Xitoy statistikasida O‘zbekiston orqali Turkmaniston gazi tranziti xizmatlari ham o‘z ichiga olganini ma’lum qildi.

«Gazeta.uz» ma’lumotlarni taqqosladi va tranzit hajmini hisobga olinganda ham katta farq borligini aniqladi.

Tranzit va tafovutlar

Prezident huzuridagi statistika agentligi (sobiq Davlat statistika qo‘mitasi) O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi xizmatlar tuzilmasini hech qachon oshkor qilmagan, shu bois O‘zbekiston Turkmanistondan Xitoyga gaz tranziti uchun qancha mablag‘ olishini aniq aytish qiyin. Tranzit 2008 yilda «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati va Trans-Asia Gas Pipeline Company (TAPLine, Xitoyning CNPC davlat kompaniyasining sho‘ba korxonasi) tomonidan 50 foiz teng ulush bilan tashkil etilgan «Asia Trans Gas» tomonidan amalga oshiriladi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oyida O‘zbekiston gaz eksport qilmagan, biroq Xitoy 40,1 million dollarlik gaz import qilinganini e’lon qilgan. Agar ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lsa, Turkmaniston gazining tranzit miqdori 40,1 million dollar deb hisoblanadi. Turkmaniston esa dekabr oyida 975,6 million dollarlik gaz eksport qilgan.

«Gazeta.uz» ushbu ma’lumotlar asosida har oylik tranzitning taxminiy narxini hisoblab chiqdi va ma’lumotlarni (million AQSh dollarida) solishtirdi.

gaz eksporti, statistikadagi farq, хитoy

Bu yerda statistika o‘rtasidagi umumiy farq umumlashtirilgan, ya’ni salbiy qiymatlar ham nomuvofiq hisoblanadi, shuning uchun ular umumiy ko‘rsatkich sifatida yakuniy raqamlarga qo‘shilgan.

Agar tranzit narxi hisobga olinsa, Xitoy ma’lumotlari doim ko‘proq bo‘lishi kerak, biroq 12 oyning 5 tasida (fevral, mart, aprel, iyul va avgust) O‘zbekiston eksport statistikasi Xitoy tomoninikidan oshib ketgan, garchi Turkmaniston gaz eksportini to‘xtatmagan bo‘lsa ham. Farq 0,1 milliondan 64,9 million dollargachani tashkil qilmoqda.

Musbat farqga qaralsa (Xitoy ma’lumotlari O‘zbekistondan ko‘proq) 14,8 milliondan 74,6 million dollargacha bo‘lgan miqdorni ko‘rish mumkin.

Yillik barcha tafovutlarning umumiy summasi 387,4 million dollarni tashkil etdi. «Gazeta.uz»ning ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2022 yilda gaz tranziti uchun 400 million dollarga yaqin mablag‘ olgan.

Tranzit xizmatining taxminiy narxini olib tashlasak, Xitoy va O‘zbekiston ma’lumotlari bir-biriga yaqin bo‘lishi kerak edi, biroq bu holatda statistik ma’lumotlardagi katta tafovutlar saqlanib qolmoqda. Farq 0,76 million dollardan 66,89 million dollargacha.

Ma’lumotlarga narx omili ta’sir qilishi mumkin, ya’ni gaz narxi har oy o‘zgargan bo‘lishi mumkin. Turkmaniston Xitoyga gazni qanday narxda sotayotgani noma’lum. Bu omilni hisobga olish uchun O‘zbekiston turkman gazini sotib oladigan narxlardan foydalanishga urinib ko‘rish mumkin.

Xususan, Turkmaniston fevral, mart, may, iyun va noyabr oylarida gaz eksport qilgan («Gazeta.uz»da dekabrdan tashqari faqat 11 oylik ma’lumotlar mavjud). 1000 kub metrning narxi mos ravishda 117, 112, 204, 115 va 131,6 dollarni tashkil qilgan.

Agar taqqoslash uchun fevral (117), mart (112) va iyun (115) oylari uchun narxlardan foydalansak, unda bu oylarda tranzitni hisobga olgan holda yuqoridagi jadvaldagi farq minimal darajada qisqarishi kerak, ammo raqamlarda juda katta tafovut mavjud.

Bunday ma’lumotlar zangori yoqilg‘ining qo‘shimcha eksporti haqida ma’lumot beradi. «Gazeta.uz» manbalariga ko‘ra, 2022 yil iyul oyida O‘zbekistondagi xususiy kompaniyalardan biriga gaz eksporti bo‘yicha eksklyuziv huquqlar berilgan. Xususan, dekabr oyida rasmiylar gaz eksporti qisqarishi yoki umuman to‘xtatilishi haqidagi kafolatlariga qaramay, O‘zbekistondan eksport qilish davom etgan.

O‘zbekistonda dekabr va yanvar oylarida gaz, elektr va issiqlik ta’minotidagi uzilishlar tufayli energetika inqirozi yuzaga keldi. Gaz bosimi va IESga yoqilg‘i yetkazib berilishi kamayishi munosabati bilan elektr ta’minotida ko‘p soatlik uzilishlar kuzatildi. Qozonxonalar gaz tanqisligiga duch keldi, bu esa aholini issiqlik ta’minoti bilan ta’minlashda muammolarni keltirib chiqardi. Bu o‘z navbatida, elektr energiyasi iste’molining oshishiga olib keldi. Natijada transformator stansiyalari va elektr uzatish liniyalarida avariyalar kuzatilib, respublikada ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 90 foizini ishlab chiqaruvchi IESlar qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqara olmadi.