Hindistonda ishlab chiqarilgan «Dok-1 Maks» dori vositalarining nojo‘ya ta’siri sabab O‘zbekistonda 20 nafar bola o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan vafot etdi. Buning ortidan O‘zbekiston davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi «Quramax Medisal» MCHJ hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MCHJ mas’ul shaxslariga jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

18 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub sessiyasida «Gazeta.uz» muxbiri Sog‘liq saqlash vazirligi rasmiylaridan «Dok-1 Maks» dori vositalaridan vafot etgan bolalarning oila a’zolariga kompensatsiya to‘lash masalasida izoh so‘radi.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanovaning ma’lum qilishicha, ayni paytda har bir o‘lim holati o‘rganilmoqda.

«[Bolalarning] dori ichganligi to‘g‘risida ota-onasi bilan suhbatdan keyin aniqlangan. Qaysi dorini ichgan, qaysi doridan zaharlangani hujjat bilan tasdiqlansagina, kompensatsiya to‘lash bo‘yicha yuridik jarayonlar boshlanishi mumkin bo‘ladi», — dedi vazir o‘rinbosari.

«Bolalarning [zaharlangani] oddiy shifoxonada aniqlanmadi, ularning hammasi nefrologiya, sun’iy buyrak markazlarida [aniqlandi]. Sun’iy buyrak markazidagi bolalarning 50 foizi og‘ir asoratli va o‘limga olib keladigan patologiya bilan yotadi. Shuning uchun bu to‘satdan yoki yo‘q joydan bo‘lib chiqqan emas, ular (vafot etganlar nazarda tutilmoqda — tahr.) nefrologiya markazidagi bolalar. Hozir ularning har biri to‘g‘risida tekshiruvlar olib borilyapti, bu isbotlansa, keyin hech qanday e’tirozsiz barcha kompensatsiya mablag‘i to‘lanadi», — dedi Elmira Basitxanova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, odamlarda «Dok-1 Maks» dorisini qabul qilishga ishonch paydo bo‘lgan. Shu sababli ularning o‘zi shifokorga bormasdan mustaqil qabul qilishni boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi direktori M.Azizovning viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozovga yozgan xati nusxasi paydo bo‘lgandi, unda «Dok-1 Maks» tabletkalari va siropini qabul qilgan bemorlarda asoratlar yuzaga kelgani va o‘limi haqida so‘z borgan.

Oradan vaqt o‘tib, Bolalar ombudsmani Samarqanda «Dok-1 Maks» tabletka va siroplarini iste’mol qilishi oqibatida vafot etgan bolalar soni 18 nafarga yetganini ma’lum qilgandi. Bemorlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlaridan bo‘lgan. Urning barchasi 6 yoshgacha bo‘lgan.

Keyinchalik SSV 18 nafar bola «Dok-1 Maks» siropini ichib vafot etganini tasdiqlagan. Uning tarkibidan tarkibida zaharli modda — etilenglikol topilgan. Aniqlanishicha, dori shifokor retseptisiz, mustaqil yoki farmatsevt tavsiyasi bilan sotib olingan va me’yordan ortiq dozada qabul qilingan. Holat o‘rganilgach, yetti nafar mas’ul ishdan olingan. Dori savdosi esa to‘xtatilgan.

Shundan so‘ng DXX Tergov boshqarmasi tomonidan 18 bola o‘limiga sababchi bo‘lgan «Dok-1 Maks» bilan bog‘liq holat bo‘yicha Quramax medical hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash (sobiq) vaziri Behzod Musayev esa siropini qabul qilgan bolalar o‘limi haqidagi ma’lumotlar vazirlikdan yashirilganini aytgandi. U 18 nafar bolaning ota-onasiga hamdardlik bildirib, uzr so‘ragan.