2022 yilda O‘zbekistonda rasmiylarning internet va ijtimoiy tarmoqlarga kirishni cheklashidan ko‘rilgan zarar 219,7 mln dollarni tashkil qildi. Top10VPN xizmatining yillik hisobotida bu haqda so‘z boradi, deya xabar bermoqda Spot.

23 mamlakatda 50 ming soatdan ortiq davom etgan internetdagi uzilishlar jahon iqtisodiyotiga 23,79 mlrd dollar zarar keltirdi, bu 2021 yildagidan 3,2 barobar ko‘p.

Reytingda O‘zbekiston dunyoda beshinchi o‘rinni egalladi. Xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, cheklovlarning umumiy muddati 5630 soatni yoki 234 kundan ortiqni tashkil qilgan. Umuman olganda, cheklovlar 1,28 mln kishiga ta’sir qilgan.

Birinchi o‘rinni Rossiya egalladi, uning iqtisodiyoti cheklovlar tufayli 21,6 mlrd dollar yo‘qotdi. So‘nggi bir yil ichida Roskomnadzor bir qator yirik xorijiy ijtimoiy tarmoqlar: Facebook (ekstremistik tashkilot deb e’lon qilingan), Instagram, Twitter va boshqa xizmatlarni blokladi.

Ikkinchi o‘rinda Eron joylashgan bo‘lib, internet cheklovlari hisobiga 773 mln dollarga tushadi. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston 410 mln dollar zarar ko‘rgan (bu yerda 2022 yil yanvar voqealarida internet o‘chirilgan) va 241,4 mln dollar bilan Myanma tilga olingan.

internet
O‘zbekistonda «O‘zkomnazorat» 13 oy davomida bir qancha xorijiy internet xizmatlari — «VKontakte», Twitter, WeChat, Skype`dan foydalanishni sekinlashtirdi. Resurslar 2021 yilning yozidan boshlab «shaxsiy ma’lumotlar subyektlari huquqlarini buzuvchilar» ro‘yxatiga kiritilgan.

2021 yil noyabrida ushbu ro‘yxatga bir muddat YouTube, Facebook, Linkedin, Instagram, «Odnoklassniki», Telegram va «Moy mir» ham kirdi. Bir necha soatdan keyin cheklovlar bekor qilindi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov chora-tadbirlarni «bir tomonlama va yaxshi o‘ylalmagan» deb atadi.

Twitter, WeChat va «VKontakte 2022 yil 1 avgustdangina o‘zbekistonliklar uchun to‘liq foydalanish mumkin bo‘ldi.

Iyun oxiri va iyul oylarida Qoraqalpog‘istonda xalq g‘alayonlari arafasida va undan keyin favqulodda holat joriy etilganda hukumat internet ishini cheklab qo‘ygan.