Toshkent shahri Shayxontohur tumanida 7 yanvar kuni mast fuqaro uyiga kelgan tanishining boshiga shisha idish bilan urib, jarohat yetkazdi, deb xabar bermoqda Tergov departamenti axborot xizmati.

Soat 11:00 da tumanning «Tinchlik» mahallasi G.Uzoqov ko‘chasida yashovchi 38 yoshli S.R. va tanishi 38 yoshli K.A. birgalikda «Rojdestvo» bayramini nishonlash maqsadida spirtli ichimliklar sotib olgan. S.R.ning xonadonida spirtli ichimliklarni iste’mol qilib, kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilik sabab xonadon egasi S.R. tanishining boshiga qo‘lida bo‘lgan shisha idish bilan bir marotaba urib, jarohat yetkazgan. Oqibatda K.A. tez-tibbiy yordam kelguniga qadar bosh chap tomon chakka sohasi tan jarohati bilan hodisa joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan tuman IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, S.R. gumon qilinuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

Tergov davomida jinoyatning kelib chiqish sababi o‘rganilganda shu kuni gumon qilinuvchining uyiga mehmonga kelgan tanishi uning turmush o‘rtog‘i to‘g‘risida aytgan gaplaridan jahli chiqib, qo‘lida bo‘lgan shisha idish bilan K.A.ning bosh chakka qismiga urgani aniqlangan. Tergov davom etmoqda.

Ma’lumot uchun, bu turdagi jinoyatlar uchun 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.