Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Dok-1 Maks» siropini qabul qilib vafot etgan bolalar haqida xabar bergan Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori, professor Mamatqul Azizov va yana 6 ta shifokor egallab turgan lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berilgandi. AOKAda Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Sevara Ubaydullayeva shifokorning ishdan bo‘shatilishi sababiga aniqlik kiritdi.

Qayd etilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda bolalarda kuzatilgan holat boshlanganiga 2 oydan oshgani o‘z tasdig‘ini topgan. Tizimga doir har bir favqulodda holat bo‘yicha shu kunning o‘zida vazirlikka tezkor ma’lumot taqdim etish zarurligi to‘g‘risida tegishli me’yoriy hujjat va talablar mavjud.

«Bu xodimlar 2 oydan beri bu holat to‘g‘risida Sog‘liqni saqlash vazirligiga xabar bermagan. Oqibatda juda katta vaqt boy berilgan. Ya’ni bolalar o‘rtasida noaniq holatlar yuz bergach, zudlik bilan bu bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri Sog‘liqni saqlash vazirligiga xabar berilmagan. Hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmasiga ham mazkur holat yuzasidan juda kech rasmiy xat kiritilgan. Shu sababli qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rildi va o‘rganishlar davom etmoqda», — dedi Sevara Ubaydullayeva.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz xabariga ko‘ra, Mamatqul Azizovdan tashqari quyidagilar ham ishdan olingan:

  • Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari S.Mo‘minov;
  • Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi onalik va bolalik salomatligini rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi S.Rasulov;
  • Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining gemodializ bo‘yicha mutaxassisi B.G‘aniyev;
  • Toyloq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Olmazor OSHP mudiri X. Muzaffarov, oilaviy shifokori U. Mahmudov, doya hamshirasi M. Siddiqova.

Eslatib o‘tamiz, Hindiston ishlab chiqaruvchisi Marion Biotech tomonidan «Dok-1 Maks» dorisini qabul qilgan bolalarning o‘limi Mamatqul Azizovning 15 dekabrdagi xatidan ma’lum bo‘ldi. Unda aytilishicha, oxirgi 2 oyda 21 nafar bemor shu dori vositasini qabul qiligandan so‘ng nojo‘ya ta’siri bilan murojaat qilgan. Bemor bolalarda asosan anuriya kuzatilgan.

«17 ta bolalarda kasallik nihoyatda og‘ir kechdi. Hatto bir necha gemodializ seanslarini o‘tkazishga ham to‘g‘ri keldi. 15 nafarida o‘lim holati kuzatildi», — deyiladi maktubda.

Shundan so‘ng, 22 dekabrdan boshlab ushbu dori vositasining butun O‘zbekiston bo‘ylab sotuvi vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda «Quramax Medical» MCHJ tomonidan realizatsiya qilingan tashkilotlarga xabar yuborilgan.

Oradan bir necha kun o‘tib, bolalar ombudsmanı Aliya Yunusova Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlaridan 18 nafar bola vafot etgani haqida xabar berdi. Keyinroq Qashqadaryoda sirop ichgan yana bir bola vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

SSV 19-o‘limdan keyingina aholini «Dok-1 Maks» dorisidan ogohlantira boshladi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev «Dok-1 Maks» Max siropini qabul qilgan bolalar o‘limi haqidagi ma’lumotlar vazirlikdan yashirilganini aytdi.

Davlat xavfsizlik xizmati ushbu holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani va import qiluvchi «Quramax Medical» kompaniyasi va Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi mansabdor shaxslari hibsga olingani haqida ma’lum qildi.