Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi O‘zbekistonda bolalar o‘limiga aloqador siropni ishlab chiqarishni to‘xtatdi, shuningdek, kompaniyaga qarshi ish ochildi. Bu bo‘yicha Reuters`ga kompaniyaning yuridik ishlar bo‘yicha rahbari Hasan Xarris ma’lumot berdi.

«Dok-1 Maks» dorisining o‘limga olib keluvchi ta’siri sabab surishtiruv Uttar-Pradesh shtatidagi narkotiklarni litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston hukumatidan ham vafot etgan bolalar haqida hisobot berish so‘ralgan.

Ma’lumot uchun, Qashqadaryoda «Dok-1 Maks» sabab 28 dekabr kuni yana bir bola vafot etgandi. Shu bilan mamlakatda ushbu yo‘tal siropi sabab vafot etganlar soni 19 taga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi direktori M.Azizovning viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozovga yozgan xati nusxasi paydo bo‘lgandi, unda «Dok-1 Maks» tabletkalari va siropini qabul qilgan bemorlarda asoratlar yuzaga kelgani va o‘limi haqida so‘z borgan.

Oradan vaqt o‘tib, Bolalar ombudsmani Samarqanda «Dok-1 Maks» tabletka va siroplarini iste’mol qilishi oqibatida vafot etgan bolalar soni 18 nafarga yetganini ma’lum qilgandi. Bemorlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlaridan bo‘lgan. Ularning barchasi 6 yoshgacha bo‘lgan yosh bolalardir.

Keyinchalik SSV 18 nafar bola «Dok-1 Maks» siropini ichib vafot etganini tasdiqlagandi. Uning tarkibidan zaharli modda — etilenglikol topilgan. Aniqlanishicha, dori shifokor retseptisiz, mustaqil yoki farmatsevt tavsiyasi bilan sotib olingan va me’yordan ortiq dozada qabul qilingan. Holat o‘rganilgach, yetti nafar mas’ul ishdan olingan. Dori savdosi esa to‘xtatilgan.

Shundan so‘ng, DXX Tergov boshqarmasi tomonidan 18 bola o‘limiga sababchi bo‘lgan «Dok-1 Maks» bilan bog‘liq holat bo‘yicha Quramax medical hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev esa siropni qabul qilgan bolalar o‘limi haqidagi ma’lumotlar vazirlikdan yashirilganini aytgandi. U 18 nafar bolaning ota-onasiga hamdardlik bildirib, uzr so‘ragan.