Rossiya Tergov qo‘mitasining Sankt-Peterburg bo‘yicha bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, shahardagi bolalar kasalxonasida bir yoshli o‘zbekistonlik qizaloq o‘yinchoq batareykasini yutib yuborishi oqibatida vafot etdi.

«Tergov organlari 2021 yilda tug‘ilgan qizning o‘limi fakti bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda. Tibbiy muassasada operatsiya o‘tkazilib, uning tanasidan batareyka chiqarib olindi», — deyiladi xabarda.

Frunze tumani prokuraturasi nazoratida bolaning o‘limi sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.

«Fontanka» nashrining yozishicha, vafot etgan qizning ota-onasi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Bola o‘limidan taxminan uch oy oldin o‘yinchoq batareykasini yutib yuborgan. Biroq ota-ona shifokorga murojaat qilmagan. Ular qizi yutib yuborgan jism tanani o‘z-o‘zidan tark etadi deb o‘ylagan.

Ota-ona tez yordam xizmatini 4 dekabr kuni chaqaloqning aholi og‘irlashgandagina chaqirgan. Avvaliga 3-bolalar shifoxonasiga olib borilgan, keyin oshqozonida begona jism borligi aniqlangach, 5-sonli bolalar shifoxonasiga o‘tkazilgan. Qizaloqning ahvoli o‘ta og‘ir deb baholangan. 25 dekabr kuni operatsiya vaqtida shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, bola vafot etgan.

Filatov nomidagi 5-sonli shahar bolalar klinik shifoxonasi endoskopisti, endoskopiya (me’da, to‘g‘ri ichak, qovuq, bronxlar va boshqalarni tekshirish usuli) bo‘limi mudiri Lidiya Lopatina bolalarga qanday o‘yinchoqlarni bermaslik kerakligi, yuqoridagi kabi jismlar yutib yuborilganda oshqozon-ichak faoliyatida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi va darhol ko‘rilishi kerak bo‘lgan choralar haqida ma’lumot berdi.

«Bu safar Sankt-Peterburgda yana bir fojia yuz berdi — bir yoshli chaqaloq batareyani yutib yuborib vafot etdi. Bola salomatligi uchun eng katta xavf qizilo‘ngachga tiqilib qolgan batareyalardir. Ular og‘ir asoratlarga olib keladi va ba’zida o‘lim xavfini keltirib chiqaradi», — deydi shifokor.

Uning tushuntirishicha, bunday holatlarning jiddiy oqibatlariga misol sifatida qizilo‘ngach devorining perforatsiyasi (yorilishi, teshilishi)ni keltirish mumkin. Shuningdek, qon tomirlarining shikastlanishi, qon ketishi, mediastinit (ko‘krak qafasidagi yallig‘lanish) kabi asoratlar ham kuzatilishi mumkin, bu ham fojiali oqibatlarga olib keladi.

Batareykalar tanaga tushganidan so‘ng o‘zidan kimyoviy moddalarni chiqara boshlaydi, magnit sharchalar bir-biriga tortilishi ortidan ichak devorlari teshilishi mumkin. Bunday hollarda shoshilinch operatsiya o‘tkazish shart.