Tarmoqlarda Samarqand viloyati Urgut tumanining Vatak mahallasida ayol yosh bolasini shafqatsiz kaltaklagani aks etgan video tarqalgandi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Videoda bolaning burnidan qon kelgani, shunga qaramasdan, onasi tomonidan shafqatsiz kaltaklanayotganini ko‘rish mumkin.

«Tomosha qil, haymi, kayf qil… Seni kasringga bachalaring (bolalaring — shevada) yem bo‘ladi», — deya tinimsiz bolani uradi ayol.

Viloyat IIBning qayd etishicha, 24 dekabr kuni fuqaro G. O. Rossiyada ishlash maqsadida ketgan turmush o‘rtog‘i bilan telefon orqali muloqot qilish jarayonida o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilikdan so‘ng, turmush o‘rtog‘iga jahl qilib, o‘zining voyaga yetmagan farzandini urgan. Holatni telefonda tasvirga olib, videoni turmush o‘rtog‘iga yuborgan va voyaga yetmagan farzandlarini o‘ldirish bilan qo‘rqitgan.

Holat yuzasidan Urgut tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan G. O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi va 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda jabrlanuvchining ahvoli yaxshi bo‘lib, shifokorlar kuzatuvida. Jinoyat ishi viloyat IIB nazoratiga olingan.