DXX 4 kgdan ortiq narkotik moddalarning aylanma savdosiga chek yo‘qdi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati bojxona va ichki ishlar boshqarmalari xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.

Unda «Samarqand-Qoraqalpog‘iston» yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan Cobalt avtomashinasi salonida 992 gr «opiy» moddasi borligi aniqlandi. Uni to‘rtko‘llik xaridorlarga sotgan samarqandlik fuqarolardan birining xonadonidan 767 gr «gashish» moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Boshqa bir holatda, Urgut tumanida Matiz avtomobili to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda 1958 yilda tug‘ilgan yo‘lovchining yonida 500 gr «opiy» moddasi borligi aniqlandi.

Bulung‘ur tumanida o‘tkazilgan tadbirda esa «Samarqand-Namangan» yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt yo‘lovchisining yonida 978 gr «gashish» topildi.

Andijon viloyatida kuzatilgan holatda paxtaobodlik shaxs Cobalt avtomashinasining motor qismiga 951 gr «gashish» giyohvandlik vositasini yashirib qo‘ygani aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

Ushbu giyohvandlik vositalari O‘zbekistonga uchinchi shaxslar tomonidan Qirg‘iziston va Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar yuzasidan fuqarolarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.