O‘zbekiston prezidenti 12 dekabr kuni «Kuz-qish mavsumida iste’molchilarni avtobenzin mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va ularning narxlari keskin oshishining oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qarorga ko‘ra, 2022 yil 10 dekabrdan 2023 yil 1 martga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik subyektlari tomonidan yakuniy iste’molchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun, istisno tariqasida, aksiz solig‘ini «nol» stavkada qo‘llashga ruxsat berildi.

Shuningdek, 2023 yil 1 aprelga qadar Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi («O‘zneftgazinspeksiya») hamda Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi («O‘zenergoinspeksiya») tomonidan, istisno tariqasida, prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes ombudsman) bilan kelishmasdan tadbirkorlik subyektlarini ularning moliyaviy-iqtisodiy faoliyatiga aralashmagan holda energiya resurslaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlari bo‘yicha tekshirishga ruxsat berildi.

Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi va Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi o‘tkaziladigan tekshiruvlar natijalari bo‘yicha avtobenzin mahsulotlarining ortiqcha yo‘qotishlariga va talon-tarojliklarga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan jazo choralarini qo‘llash, shuningdek, ularning faoliyatiga huquqiy baho berish yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdimnomalar kiritib boriladi.

Bu AI-80 benzinining chakana narxlarini joriy narxlarga nisbatan o‘rtacha 8,7 foizga tushirishi kutilmoqda. «O‘zbekiston 24» telekanali lavhasida qayd etilishicha, aksiz solig‘ining vaqtinchalik bekor qilinishi natijasida aholi va tadbirkorlar ixtiyorida 213,7 mlrd so‘m qoladi, ya’ni davlat budjeti bundan mahrum bo‘ladi.

Avvalroq 13 dekabr, soat 00:00 dan boshlab «O‘zbekneftgaz»ga qarashli UNG Petro shoxobchalarida Ai-80 benzini narxi 5700 so‘mgacha tushishi haqida xabar qilingan edi.