Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida bir oilaning uch a’zosi is gazidan zaharlanib vafot etdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz"ga Bosh prokuratura matbuot xizmati.

10 dekabr kuni soat 20:20 da Qarshi tumani “Dasht” mahallasida yashovchi 1955 yilda tug‘ilgan ayol P. R., kelini 1991 yilda tug‘ilgan N. B. va 2014 yilda tug‘ilgan 8 yoshli nabirasi L. O. yashash xonadonida qo‘lbola usulda yasalgan isitish pechidan chiqqan is gazidan zaharlanib vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazmda fuqaro va uning nevarasi, Buxoro viloyatida 5 kishilik oila, Toshkent viloyatida er-xotin va ularning 3 oylik chaqalog‘i, Namanganda qaynona, kelin va nabira, Farg‘onada er-xotin, Qashqadaryoda 17 yoshli qiz, Xorazmda ijarada turgan ikki yigit, Jizzaxda qariya ayol va uning ikki nabirasi hamda Buxoroda 2-sinf o‘quvchisi is gazidan halok bo‘lgandi.