Bosh vazir o‘rinbosari, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston aholini Rossiya va Qozog‘iston bilan «gaz ittifoqi»da ixtiyoriy ravishda ishtirok etishga ko‘ndirish maqsadida energiya resurslarining sun’iy tanqisligini yaratayotgani haqidagi taxminlarga izoh berdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

«Ta’kidlash joizki, bu [energetika resurslari tanqisligi] qandaydir tashqi omillar bilan bog‘liq bo‘lmagan holat. Bu ichki iste’molning oshishi, iqtisodiyotning o‘sishi, aholi sonining ko‘payishi, odamlar farovonligi va daromadlari bilan bog‘liq, shuning uchun ham energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoj va talab keskin o‘sib bormoqda. Shuni aytib o‘tish kerakki, biz bu ehtiyojni yetarli darajada va yetarli hajmda qoplay olmaganimiz uchun aybdormiz», — dedi u.

Energetika vazirining ta’kidlashicha, gazga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun import qilish kerak.

«Talabni qoplash, ichki iste’molni ta’minlash va muammoni hal qilish maqsadida bugun biz gaz va elektr energiyasini qandaydir alyans yoki ittifoq orqali emas, balki qo‘shni davlatlardan import qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz. Bu yerda biz energiya tarmoqlarni kimgadir berib yuborish bilan emas, balki tijorat shartnomasi, oldi-sotdi shartnomasi asosida hamkorlik qilish uchun milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda muzokaralar olib bormoqdamiz», — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

O‘zbekiston qaysi davlatlardan elektr energiyasini import qiladi?

«Hozirgi kunda biz elektr energiyasini Turkmanistondan import qilyapmiz, yozgi davrda Qirg‘iziston va Tojikistondan import qilamiz. Ichki iste’molni ta’minlash uchun Qozog‘iston, Rossiya va Turkmanistondan esa neft va neft mahsulotlarini import qilamiz. Qolgan resurslar hozirda Rossiyadan import qilinmayapti», — dedi vazir.

Noyabr oyi oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning «uch tomonlama gaz ittifoqi»ni tuzishni taklif qilgani ma’lum bo‘ldi. Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bu taklifni ko‘rib chiqishga tayyorligini va Putin bu borada Shavkat Mirziyoyevga qo‘ng‘iroq qilmoqchi ekanini bildirdi.

Keyinroq Putin va Mirziyoyev telefon orqali muloqot qildi, biroq gaz ittifoqi bilan bog‘liq tafsilotlar ma’lum qilinmadi.