Prezidentning tegishli farmoni bilan Akmaljon Mahmudaliyev Sirdaryo viloyatining hokim vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Akmaljon Mahmudaliyev (1974 yilda tug‘ilgan) may oyidan beri Navoiy viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. 2018 yilda esa Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani hokimi bo‘lgan.

Navoiy viloyati hokimligi saytida ma’lum qilinishicha, 1995 yilda u Samarqand kooperativ institutining buxgalteriya hisobi fakultetini, 2005 yilda Toshkent kimyo-texnologiya institutining don va don mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi fakultetini tamomlagan.

2009−2013 yillarda Davlat don inspeksiyasi Farg‘ona hududiy bo‘limi bosh davlat don inspektori, 2013 yildan 2018 yilgacha Davlat don inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Akmaljon Mahmudaliyev hozirda prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan G‘ofirjon Mirzayevning o‘rnini egalladi.