Rossiyalik yangi turmush qurgan Dominik Majintas va Yevgeniya Ribakova Chorsu bozorida to‘y fotosessiyasini o‘tkazishdi. Yorqin fotosuratlar ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarga tarqaldi va ko‘plab olqishlarga sazovor bo‘ldi. Ko‘pchilikka sharqona gilamlar fonida hamda ziravorlar va sabzavot rastalari oldida tushilgan fotosuratlardagi o‘ziga xos kinematografik muhit ayniqsa manzur keldi.

«Chorsu, bu — bizni maksimal ifodalagan joy. Biz aynan shu yorqinlikni, koloritni, bozordagi hamma narsani xohlagan edik», — deya tushuntiradi Yevgeniya manzil tanlash masalasida.

Juftlik Toshkentga Moskvadan sentabrda ko‘chib kelgan. Yevgeniyaning so‘zlariga ko‘ra, ular uzoq vaqt to‘yni nishonlash masalasini hal qila olishmagan.

«Bir rejalar to‘g‘ri kelmadi, bir tasavvurlar mos tushmadi. Bir kuni yig‘ilib, shunday dedik: „Biz juda yorqin, rang-barang mamlakatdamiz. Keling, ikkalamiz uchun ham esda qolarli narsani qo‘zg‘ataylik“», — dedi kelin.

Juftlik bog‘larda sahnalashtiriladigan romantik fotosessiyalar formatidan darhol voz kechishdi. Tanlov Eski shahardagi kaleydoskopik Chorsu bozorida to‘xtadi.

Yevgeniyaning tan olishicha, fotograf topish qiyin bo‘lgan — ko‘pchilik g‘ayrioddiy formatda suratga olishdan bosh tortgan. Fotosuratchi Polina Borodevich juftlikka g‘oyani amalga oshirishga yordam berdi.

Internetda yorqin fotosuratlar tarqalib ketganida, ko‘pchilik to‘y aynan Chorsuda bo‘lib o‘tgan deb o‘ylagan. Aslida esa bozor shunchaki to‘y fotosessiyasi joyi bo‘lgan.

Yangi turmush qurganlarning ota-onalari akkordeonchi taklif qilishdi. Ssenariy yo‘q edi — «tantana» o‘z-o‘zidan boshlanib ketgan. Yevgeniyaning aytishicha, bozordagi hamma odamlar ularning bayramiga kelib qo‘shilishgan. Kelin va kuyov bilan suratga tushishgan, raqsga tushishgan, o‘zlari bilan olib kelgan cholg‘u asboblarini chalishgan.

«Hamma hayratlanarli mehmondo‘stlik va xayrixohlik bilan bizni o‘z peshtaxtalari orticha o‘tkazishdi, istagan narsaga teginishimizga, sinab ko‘rishimizga ruxsat berishdi. Juda ajoyib, iliq, qulay edi. Xalqingiz shunchaki ajoyib. Odamlarsiz bunday bayram bo‘lmasdi», — dedi Yevgeniya.

Fotosuratchi Polina Borodevich o‘zining «Instagram» sahifasida odamlar bu yerda kino tasvirga olinyapti, deb o‘ylashganini yozdi. Ular to‘y fotosessiyasi bo‘layotganiga ishonishmagan.

«Biz haligacha hayajondamiz. Bozordagi bu ikki soatlik lahza, erim va men oxirigacha yodimizdan chiqmaydigan eng yorqin xotiralardan biri bo‘lib qoladi», — dedi Yevgeniya.