Publitsist va bloger Shokir Sharipov O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov iste’fosini talab qilib, 22 noyabr kuni poytaxtdagi Gagarin haykali oldida bir kishilik piket uyushtirdi. U Qo‘qon shahar IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida 15 yoshli bolaning urib o‘ldirilishi sabab piket o‘tkazishga qaror qilganini aytmoqda.

«Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov bilan suhbatlashgan Shokir Sharipovning aytishicha, ayni paytda ichki ishlar tizimida haqiqiy islohotlar amalga oshirilgani yo‘q, aksincha, aholining sohaga nisbatan noroziligi tobora kuchayib bormoqda.

«Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgan paytda uning samimiyatini ko‘rgandan keyin bir qancha orzularga berildim. Mamlakatda bir qator islohotlar amalga oshirilishiga ishonch tug‘ildi. Shu jumladan, ichki ishlar tizimi ham isloh bo‘ladi, boshqacha [ijobiy] manzara yuzaga keladi, degan umid paydo bo‘ldi. Chunki Gruziya va boshqa bir qancha sobiq sovet mamlakatlarida qilingan islohotlar qanday natija berganini, politsiyaga nisbatan odamlarning munosabati qay darajada o‘zgarganini, fuqarolar ichki ishlar xodimini do‘st deb bilishi, uni ko‘rganida xursand bo‘lishidan yaxshi xabardorman. O‘zbekistonda ham shunday manzara paydo bo‘lishini orzu qildim va buni rosa kutdim. To‘g‘ri, sohada bir qator ishlar qilinyapti. Lekin tom ma’nodagi islohotlarni ko‘rmayapmiz, islohotlar depsinib turibdi», — dedi u.

Sharipovning ta’kidlashicha, u fuqaro sifatida tizimdan norozi bo‘lib, piket o‘tkazishga qaror qilgan.

«IIB binolaridan fuqarolarning murdalari chiqayotgani, ichki ishlar xodimlarining odamlarga kuch ishlatib, qiynayotgani yoki urayotgani va shu kabi holatlar to‘g‘risidagi xabarlarni har safar o‘qisam, menda ichki isyon, norozilik kuchayib boradi. Eng achinarlisi, bunday voqealarga nisbatan vazirlik munosabati meni ham taajjubga soladi, ham g‘azablantiradi. Ayniqsa, Qo‘qondagi IIB binosidan 15 yoshli bolaning o‘ligi chiqqani meni qattiq ta’sirlantirdi. Marhumning ota-onasi, yaqinlarini qanday holatga tushganini o‘zimda his qilib ko‘rdim. Ba’zan tomog‘imdan ovqat ham o‘tmadi. Vijdonim yana-da qiynadi, o‘zim bilan o‘zim olishdim. Ichimdagi isyon fuqaro sifatida ichki ishlar vaziri iste’fosini talab qilib, piket o‘tkazishimga majbur qildi», — dedi Shokir Sharipov.

Uning qayd etishicha, 15 yashar bolaning o‘limidan keyin ichki ishlar vaziri xalq oldiga chiqib, sohani isloh qilolmayotganini tan olib, uzr so‘rashi va iste’foga chiqishi kerak edi. Lekin bunday qilish uning qo‘lidan kelmadi.

«Bir narsaga xayron qolaman. Nima uchun O‘zbekistondagi amaldorlarning empatiyasi — o‘zini birovning o‘rniga qo‘yib, uning ichki holatini his qilib ko‘rish ko‘nikmasi yo‘q? Aslida bunday lavozimlarda empatiyasi kuchli, jamiyatning eng yaxshi insonlari ishlashi kerak», — dedi publitsist.

Shokir Sharipovning so‘zlariga ko‘ra, IIB binolarida fuqarolarning o‘layotgani bilan bog‘liq holatlar Po‘lat Bobojonovni bezovta qilmayotgani juda yomon signal.

«Normal amaldor tizimda bo‘layotgan dahshatli o‘lim voqealaridan keyin o‘zi omma oldida uzr so‘rab, lavozimidan ketishi kerak. U tizimdan ketmayaptimi, demak, butun jamiyat kasal bo‘lgan. Fuqarolarning IIB binolarida o‘layotgani vazirni bezovta qilmayotgani bu — juda yomon signal. Bu signal tagida uzun zanjir yotibdi. Vazir o‘zini shunday tutyaptimi, demak, xalqqa nisbatan munosabati shunga yarasha. Modomiki, u xalqqa shunday munosabat qilyaptimi, demak, uning atrofidagi muhit shunaqa. Shunday muhit shakllangan bo‘lsa, bu kulfatlardan darakdir. Fuqarolar murdasi chiqyapti, ammo tizim rahbariyatining yuzida motamni ko‘rmayapmiz. Bu esa juda xavfli tendensiya. Odamlarda davlatga nisbatan ishonch yo‘qolganidan keyin buning oqibati yaxshi bo‘lmaydi. Agar jamiyat ham bunday holatlarga befarq bo‘lsa, ertaga har birimiz o‘zimiz yoki biror yaqinimizda shunday voqealar yuz berishi mumkin», — dedi bloger.

Shokir Sharipov tizimdan norozilar ko‘p bo‘lsa-da, ammo nima uchun vazirga qattiq jazo ko‘rilmayotgani yoki ishdan olinmayotgani borasida ham o‘z fikrlarini bildirdi.

«Ichki ishlar tizimida bo‘layotgan voqealardan keyin ham Po‘lat Bobojonovga nisbatan ishonch bildirilayotgan bo‘lsa, davlat tepasida turgan barcha rahbarlarga nisbatan fuqarolarda juda yomon gumonlar uyg‘onib, shakllanib boryapti. Davlatning ustida turganlar xalqni bir tiyinga olmaydi, degan xulosalar mantiqan kelib chiqyapti. Modomiki, bu vazir ishdan olinmayaptimi, tepada qaror qabul qiluvchi rahbarlarda „xalq bu — bir poda, ular norozi bo‘lsa bo‘laversin, islohotlar asta-sekin bo‘laveradi“, mazmunida kayfiyat paydo bo‘lgan ekan-da, degan xulosa kelib chiqadi. Omma aniq bir narsani bilmagani yoki vazirga nisbatan normal jazo qo‘llanilmayotgani uchun ham mantiqiy xulosalar shakllanib boradi», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, ichki ishlar vaziri iste’foga chiqib, yangi rahbar kelsa, tizim birdaniga o‘zgarib qolmaydi. Biroq, sohada jiddiy islohotlar o‘tkazish zarurligini barcha anglab yetishi kerak.

«Hammamiz [hukumat ham, aholi ham] tushunib yetishimiz kerakki, bu tizim isloh bo‘lishi shart va bu soha ham davlatning bir yuzi hisoblanadi. Amaldagi ichki ishlar vaziri lavozimidan ketib, o‘rniga boshqasi kelsa, tizim birdaniga o‘zgarib qolmaydi. Ammo biz bu tizimning qanchalik jiddiy islohotga muhtojligi va tezroq o‘zgarishlar qilishimiz zarurligini tushunib yetsak, islohot xamirturushi paydo bo‘ladi. Shundan so‘ng qaysi ishlarni qanday bajarish, bu lavozimga qaysi munosib kadrni o‘tkazish borasida aniq qarorga kelish mumkin», — dedi Shokir Sharipov.

Shokir Sharipov Bi-bi-si O‘zbek xizmatiga bergan intervyusida, jurnalist va blogerlar betonga gapirayotgandek bo‘lib qolayotgani, ular vazirlik tomonidan natija bo‘lmayotgani uchun ma’nan charchayotganini aytgan.

«Ichki ishlar vazirligidan munosabat bildirish so‘ralganida, IIB binolarida bunday holatlar bo‘lib turadi, degan mazmunda munosabat bildiriladi. Ichki ishlar xodimlarini oqlash holatlari bo‘ladi. „Haqiqatan noto‘g‘ri harakat bo‘libdi, biz bunday holatlardan taajjubdamiz, xodimlarga chora ko‘ramiz“, deyish yo‘q. Jurnalistlar betonga murojaat qilayotgandek bo‘lib qolyapti. Natija bo‘lmayotgani uchun ma’nan charchashyapti», — degan u.

Shokir Sharipovning Bi-bi-siga bergan intervyusidan ko‘p o‘tmay, 23 noyabr kuni IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov vazirlik ochiq muloqotga tayyorligini ta’kidladi: «Bi-bi-si muxbiri tomonidan jamoatchilik faoli Shokir Sharipov bilan tashkil etilgan intervyudagi barcha savol va takliflari yuzasidan Ichki ishlar vazirligi ochiq muloqotga tayyor ekanligini ma’lum qilamiz».