Qonunchilik palatasining spikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov energetikada monopoliya tugamasa va narxlar o‘zgarmasa, aholini gaz hamda elektr bilan ta’minlashda sifat o‘zgarmasligini ta’kidladi. U bu haqda o‘zining Telegram`dagi kanalida yozib qoldirdi.

«Avtosanoatda monopoliya tugamasa avtomashina narxlari o‘zgarmaganidek, energetikada ham monopoliya tugamas, narxlar o‘zgarmas ekan, aholini gaz va elektr bilan ta’minlashda sifat o‘zgarmaydi», — deb yozadi u.

Deputat sifatli ta’minot uchun yaroqli tarmoqlar bo‘lishi kerakligini, tarmoqlar yaroqli bo‘lishi uchun muntazam va qimmat ta’mir ishlari talab qilinishi haqida yozar ekan, bu budjet uchun og‘irligini qayd etdi.

«Qarzga qilish — teshik idishga suv quygandek gap, investorlar esa davlat bilan sherikchilik qilishni istashmaydi. Energiya sotish kompaniyalari o‘zi daromad ko‘rmagunicha sohada o‘zgarish bo‘lmaydi. Gaz ham elektr ham bor, yetmasa sotib olish imkoniyati bor, lekin minglab kilometr simlar va trubalar eskirib ketgan. Aholini elektr va gaz bilan ta’minlashdagi muammo resurs yetishmovchiligi emas, boshqaruv va ta’minot tizimini eskirganida», — dedi Qonunchilik palatasining spikeri o‘rinbosari.

«Istaganingizcha Energetika vazirini (yoki meni, farqi yo‘q) tanqid qilishingiz mumkin, sohada hammamiz uchun og‘ir va og‘riqli, vaqt talab qiladigan islohotlar bo‘lmas ekan, muammo turaveradi», — deyiladi postda.

Kuni kecha AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjmunida energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev O‘zbekistonda elektr energiyasidagi uzilishlarning sababini ishlab chiqarish uchun yoqilg‘i yetishmasligi bilan izohlagandi. Mutasaddi oxirgi besh yilda qurilgan elektr stansiyalari undan oldingi 25 yilda ham qurilmagani haqida gapirib, hozirda ist’emolchilarga yetkazib berishdagi uzilishlarning soni qariyb 3 baravarga kamaytirilganini ta’kidlagandi.