«Lukoyl» va Saneg neft-gaz kompaniyalari gaz ishlab chiqarish va uni O‘zbekiston ichki bozoriga yetkazib berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmoqda. Bu haqda 16 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Saneg (sobiq Sanoat Energetika Guruhi / Jizzakh Petroleum, 98% ulushiga Kiprdagi Belvor Holding egalik qiladi) kunlik gaz qazib olish rejasini 131 foizga bajarmoqda. «Ya’ni kompaniya gaz ishlab chiqarib, ichki bozorga yetkazib berish bo‘yicha o‘zining majburiyatlarini bajaryapti. Biz rejani bajarmayapti yoki yetarlicha investitsiya kiritmasligi natijasida gaz qazib chiqarish sur’atlari tushib ketyapti, deb bu kompaniyaga nisbatan ayblov qo‘ya olmaymiz», — dedi

Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi esa kunlik rejani 101,4 foizga bajarmoqda, deya ma’lum qildi vazir o‘rinbosari. «Oy boshidan qarasak ham, gaz qazib chiqarib, ichki bozorga yo‘naltirish bo‘yicha barcha majburiyatlarini bajaryapti», — dedi u.

Sherzod Xodjayev shartnoma shartlaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston manfaatlariga zid, zid emas deb bugungi kunda baho berish birmuncha noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi.

«Chunki shartnoma tuzilayotgan vaqtdagi sharoit shartnomaning qaysidir parametrlarini taqozo etgan, lekin gaz taqchilligi bu shartnoma shartlariga bog‘liq emas», — deya qayd etdi energetika vaziri o‘rinbosari.

U Saneg hukumatning yopiq qarori bilan berilgan alohida eksport imtiyozlariga egami, degan savolga javob berishdan bosh tortdi.

«Shartnomaning barcha shartlarini ochiqlay olmayman, chunki shartnoma tuzilayotgan vaqtda shartnoma shartlarini ochiqlash bo‘yicha o‘zaro ikki tomon kelishuvga erishadi: nimani ochishlash mumkin, nimani ochiqlash mumkin emasligi bo‘yicha», — dedi u.

Sherzod Xodjayevning aytishicha, O‘zbekistonda kim gaz ishlab chiqarishidan qat’i nazar, «O‘ztransgaz» kompaniyasi tabiiy gaz eksporti operatori hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar eksport deyarli to‘liq to‘xtatilgan. «Raqamlarga kelsak, agar kunlik prognoz ko‘rsatkichlari bo‘yicha 10 mln kub metr gaz eksporti rejalashtirilgan bo‘lsa, hozirgi eksport hajmi 1 mln kub metrga ham yetmaydi», — dedi energetika vaziri o‘rinbosari.

Sherzod Xodjayev gaz va elektr energiyasi eksportining deyarli to‘liq to‘xtatilishi, gaz importining 20 foizga oshgani, mavsumiy iste’molchilarning gaz ta’minotidan uzilishi tufayli issiqlik elektr stansiyalariga gaz yoqilg‘isi yetkazib berish hajmini biroz oshirish mumkin bo‘lganini ta’kidladi. «O‘ylaymanki, yaqin kunlarda — 100% desam to‘g‘ri bo‘lmasa kerak — [elektr energiyasi] cheklovlari bilan bog‘liq muammolarning qariyb 80 foizini hal qilamiz», dedi u.

«O‘zbekneftgaz» kompaniyasi boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning aytishicha, hozirgi gaz konlari yil sayin tugab bormoqda, yangi zaxiralarni yaratish uchun esa qidiruv ishlariga katta mablag‘ sarflash zarur. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu issiqlik elektr stansiyalariga gaz yetkazib berishni ko‘paytirish orqali elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga ham yordam beradi.

sentabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev ham O‘zbekiston o‘z ichki sanoatini rivojlantirish uchun gaz va paxta eksport qilmayotgani haqida ma’lum qilgandi. Biroq, Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qqiz oy davomida xorijga gaz yetkazib berish qiymat ko‘rinishida 51,1 foizga oshib, 779,6 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, birgina sentabr oyida gaz 133,7 mln dollarga sotilgan. Bu davrda gaz importi 76,3 mln dollarni (-39,2%) tashkil etdi.

«Gazeta.uz» 2021 yilda mamlakatda 53,8 mlrd kub metr gaz qazib olish rejalashtirilgani haqida xabar bergandi. Ushbu hajmning 34,1 mlrd kub metri (64,3 foiz) «O‘zbekneftgaz», 13,8 mlrd kub metri (25,7 foiz) «Lukoyl» hamda 280 mln kub metri (0,51 foiz) Jizzakh Petroleum hissasiga to‘g‘ri kelgandi.

2019 yilning mart oyida O‘zbekiston «Lukoyl»dan 2018 yilda gaz yetkazib bergani uchun 600 mln dollar qarzdor ekanligi ma’lum bo‘lgandi. Kompaniya Qandim-Xauzak-Shodi-Qo‘ng‘irot va Janubi-G‘arbiy Hisor loyihalarida mahsulot taqsimoti shartnomasi shartlari asosida ishlaydi. Qarz O‘zbekiston gazning bir qismini ichki bozorga olib chiqqani sababli shakllangan, garchi shartnoma shartlarida ishlab chiqarilgan gazning butun hajmini eksport qilish ko‘zda tutilgan. O‘shanda «O‘zbekneftgaz» izoh berishdan o‘zini tiydi.