Buxoro shahridagi 4-sonli maktabda dars vaqtida o‘qituvchi sinfdagi barcha o‘quvchilarni kaltaklagani va hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani xabar qilingandi. Viloyat xalq ta’limi boshqarmas matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘qituvchi lavozimidan ozod etildi.

Ta’kidlanishicha, o‘z pedagogik faoliyatini bajarishda qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘ygani uchun maktab o‘qituvchisi o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etildi.

«Ushbu holat Buxoro viloyatida favqulotda vaziyat sifatida baholanib, shu kunning o‘zida viloyat hokimi o‘rinbasari Mirali Hamroyev rahbarligida xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari, maktab direktorlari ishtirokida Zoom orqali yig‘ilish o‘tkazildi», — deyiladi xabarda.

Hozirda holat bo‘yicha o‘rganish ishlari huquq-tartibot idoralari hamkorligida davom etmoqda.