Turkiy dunyoning xavfsizlikni ishonchli ta’minlash — Turkiy davlatlar tashkilotining ustuvor yo‘nalishlaridan yana biri hisoblanadi. Samarqandda o‘tayotgan sammitda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xavfsizlik yo‘nalishida ham o‘zining takliflarini bildirdi, deb xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

«So‘nggi paytlarda jahonning turli nuqtalaridagi ziddiyatli voqealar turkiy dunyoning umumiy xavfsizligiga ham ta’sir o‘tkazayapti. Bunday murakkab vaziyatda terrorizm, ekstremizm, yoshlarning radikallashuvi, odam savdosi, narkotrafikka qarshi kurashish, jamoat va kiber-xavfsizlikni ta’minlash sohalarida huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus xizmatlarimiz doimiy aloqada bo‘lishi hamda hamkorlikni kuchaytirishi lozim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bilan birga, O‘zbekiston tashkilotga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashi kotiblarining navbatdagi yig‘ilishini mamlakatda tashkil etishga tayyorligi qayd etildi.

Bundan tashqari, davlat rahbari Afg‘oniston masalasini ham kun tartibiga olib chiqdi.

«Bugungi kunda yon qo‘shnimiz Afg‘onistondagi murakkab vaziyat barchamizni albatta jiddiy tashvishga soladi. Bu mamlakatdagi mavjud ahvolni ijobiy tomonga o‘zgartirish masalasi hech qachon nazarimizdan chetda qolmasligi kerak. Afg‘on masalasi bo‘yicha umumiy yondashuvni ishlab chiqish maqsadida tashqi ishlar vazirlarimiz muloqotlarini muntazam o‘tkazib borish tarafdorimiz», — dedi u.

Bundan tashqari, yosh avlodni har tomonlama rag‘batlantirish, ularning iste’dod va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida boshlagan xayrli ishlarni izchil davom ettirish niyati ham bildirildi.

«Kelgusi yili yurtimizda Turkiy dunyo yoshlarining ilm va innovatsiyalar xalqaro kongressini o‘tkazishni taklif etaman. Uning doirasida innovatsiya va ta’lim vazirlari, oliygohlar rektorlari va yosh yetakchilar, iqtidorli o‘g‘il-qizlarimiz, Tashkilo-timiz oqsoqollarining keng qamrovli uchrashuvlarini tashkil etishni ko‘zda tutmoqdamiz», dedi O‘zbekiston yetakchisi.

«Bu ishlarimizga tizimli tus berish va natijadorlikni ta’minlash maqsadida Tashkilot Bosh kotibining Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavoziminini joriy etish ayni muddao bo‘lar edi», — deya qo‘shimcha qildi u.