2016 yilda poytaxtda ochilgan besh yulduzli Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasini xususiylashtirish jarayoni 2020 yilning yanvar oyida boshlangan edi.

Dastlab, The Abu Dhabi Uzbek Fund investitsiya jamg‘armasi hisobidan 110 mln dollar evaziga xususiylashtirish rejalashtirilgan mehmonxona 87 mln dollarга Abu Dhabi Uzbek Investment QKga sotildi, deb xabar berdi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati.

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, agentlik mehmonxonaning balansda saqlovchisi «Poytaxt qurilish va xizmat» MCHJning ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini xususiylashtirdi.

Sotuv jarayonida «KPMG Valuation and Consulting» xalqaro konsalting kompaniyasi konsultant vazifasini bajardi, aksiyalar paketini mustaqil baholash «PricewaterhouseCoopers» tomonidan amalga oshirildi.

Turli xorijiy инвесторларга (investor sounding) yuborilgan tizerlar natijasida Amerika, Osiyo, Yevropa va O‘zbekistondagi investorlardan sotib olish bo‘yicha qiziqish to‘g‘risda 5 ta arizalari (Express of Interest) kelib tushdi.

Saralash natijalariga ko‘ra, belgilangan malaka mezonlariga muvofiq bo‘lgan talabgorlar xususiylashtirish jarayonining keyingi — Majburiyatga ega bo‘lmagan takliflar (NBO)ni taqdim etish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilindi hamda axborot memorandumi, moliyaviy model va boshqa hujjatlar taqdim etildi.

Kelib tushgan NBO`ni belgilangan malaka mezonlariga muvofiqligi, mintaqadagi ish faoliyati, bitimni yopish shartlari va меҳмохонаning baholangan qiymatidan yuqoriligi bo‘yicha eng yaxshi xarid qiymatini taqdim etgan Abu Dhabi Uzbek Investment QK xalqaro tender natijalari bo‘yicha g‘olib deb topildi.

Shuningdek, bitim talabgor tomonidan sotib olish to‘loviga qo‘shimcha ravishda mehmonxonani rivojlantirish uchun 12 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish majburiyati bilan birga to‘lovni to‘liq bir yo‘la to‘lash orqali amalga oshiriladi.

Oldi-sotdi shartnomasi bitimning tegishli shartlari kelishilganidan so‘ng, «Poytaxt qurilish va xizmat» MCHJ va «Hyatt International» o‘rtasida 2013 yilda tuzilan shartnomaga muvofiq Hyatt International Limited (Europe Africa Middle East) xalqaro mehmonxona boshqaruvi tarmog‘i tomonidan g‘olib ma’qullangandan keyin imzolanadi.

Mehmonxona egasi — «Poytaxt qurilish va xizmat» DUK Hyatt Regency Tashkent qurilishi qiymati 205 million dollarni tashkil etadi. Shu jumladan, «Xalq banki»ning 7 yil muddatga jamg‘arib boriladigan pensiya tizimidan 100 milliard so‘mlik kredit (1 yillik imtiyozli davr bilan, yillik 9 foiz stavkasi bilan) taqdim etilgan edi. «Xalq banki» va «Poytaxt qurilish va xizmat» o‘rtasida kredit shartnomasi, istisno tariqasida, Markaziy bank standartlarini qo‘llamasdan tuzilgan.

Ma’lumot uchun, Abu Dhabi Uzbek Investment 1 mlrd AQSh dollariga teng kapitalga ega bo‘lgan investitsiya kompaniyasi bo‘lib, uning maqsadi O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan loyihalarga sarmoya kiritishdir. Kompaniya hozirgacha O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga 100 million AQSh dollardan ortiq sarmoya kiritgan. Ushbu investitsiya kompaniyasi portfeli 300 million AQSh dollardan ortiq loyihalarni o‘z ichiga oladi, ularning yakuniy maqsadi yaqin yillarda
1 milliard dollardan ortiq investitsiyalarni jalb etishdir. Kompaniya O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (UFRD) hamda BAAning Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi (ADFD) tomonidan tashkil etilgan.