O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev O‘zbekiston — Vengriya Biznes forumida o‘zaro kelishuvga erishgan barcha ishbilarmonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga kafolat berdi.

Vazir bunga forumdagi nutqi davomida to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalari tufayli ikki birodar mamlakatlarimiz hamkorligi misli ko‘rilmagan cho‘qqilarga yetmoqda. O‘zaro savdo hajmlarimiz jadal ravishda o‘smoqda, 5 yil damovida — 3 barobarga oshdi. Qo‘shma korxonalar soni 15 taga yetdi va investitsiyalar hajmi oshib bormoqda, 2022 yilda — 30 mln dollardan ortiq», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oktabr oyida Vengriyaga bo‘lib o‘tgan rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha qiymati 1 mlrd dollardan ortiq yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» qabul qilindi.

Vazir shuningdek, vengriyalik hamkorlarning tajribasi va ilg‘or texnologiyalarini tadbiq etish mumkin bo‘lgan bir qator yo‘nalishlarga qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

Birinchi yo‘nalish. O‘zbekistonning qulay iqlimi va tabiati tufayli energiyaning quyosh, shamol va suv kabi qayta tiklanuvchi manbalaridan foydalanish zarur.

Ishlab chiqarishlar quvvatlari oshishini inobatga olib, 2030 yilga borib ushbu ko‘rsatgichni 30 GVt (gigavatt)ga yetkazish, muqobil energiya manbalari ulushini esa 2026 yilgacha 25 foizga olib chiqish rejalashtirilgan.

«Bunday dasturlarni faqat xususiy investitsiyalar hisobiga va davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiramiz. Vengriya kompaniyalarini ushbu loyihalarda ishtirok etishga taklif etamiz», — dedi Jamshid Xodjayev.

Ikkinchi yo‘nalish. Mineral resurslardan foydalanish va ularni qayta ishlash kabi loyihalarni amalga oshirishda katta imkoniyatlar bor.

Masalan, O‘zbekistonning kaolin zaxiralari 1,3 mlrd tonnani tashkil etadi. Barchaga ma’lum, bu — sanfayans va sanitar keramikasini ishlab chiqarishda asosiy xom ashyo hisoblanadi. Markaziy Osiyo mamlakatlarida kaolindan tayyorlangan mahsulotlar importi 500 mln dollardan ortadi. O‘zbekiston bu yo‘nalishda, albatta, Yevropaning ilg‘or texnologiyalarini tadbiq etib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishdan manfaatdor.

«Yana bitta misol. O‘zbekistonda har yili 150 ming tonna mis ishlab chiqarib, faqat 55 ming tonnasini qayta ishlaymiz. Bu xom ashyodan yuqori talabga ega elektr dvigatellari, sim-kabel mahsulotlari hamda maishiy texnika vositalarini ishlab chiqarishni birgalikda tashkil qilishimiz mumkin. Bunday mahsulotlar importi hajmi Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zida 2 mlrd dollardan oshadi», — dedi u.

Uchinchi yo‘nalish. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan biridir.

O‘zbekistonda yiliga 22 mln tonnadan ortiq mahsulot muntazam ravishda yetishtiriladi. Biroq, bugungi kunda ularni qayta ishlash hajmi atigi 15 foizni tashkil etmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash zarurati yuzaga kelgan bugungi geosiyosiy sharoitda O‘zbekistonda bu ko‘rsatkichlarni oshirish bo‘yicha aniq rejalar amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar ushbu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalansa, shubxasiz yuqori daromadga ega bo‘lishi mumkin bo‘ladi, dedi vazir.

To‘rtinchi yo‘nalish. Aviatsiya sohasidagi yuksak imkoniyatlar yaratilmoqda.

«Biz O‘zbekiston aeroportlarida „ochiq osmon“ rejimini joriy etmoqdamiz. Xorijiy aviatashuvchilar soni ortib bormoqda — so‘nggi yillarda ular 10 tadan 25 taga ko‘paydi. Ular qatoriga „Viz Eyr“ kompaniyasi ham kirmoqda», — dedi u.

Kelgusi yilda tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini 7 mlnga (bugungi kunda 3,5 mln), yaqin kelajakda esa 10 mlnga yetkazish bo‘yicha aniq rejalarimiz bor. Bu borada sayyohlar va tadbirkorlar uchun eng qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratamiz.

Beshinchi yo‘nalish. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda mahalliylashtirish darajasini 60 foizdan oshirib, to‘liq ishlab chiqarish jarayoni tashkil qila olgan yagona yengil avtomobillar ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

«Bugungi kunda avtomobil ishlab chiqarishning umumiy hajmi yiliga 300 mingtadan oshdi. So‘nggi yillarda yuzlab korxonalarda avtomobil komponentlarini o‘zimizda ishlab chiqarishga erishdik. Shu bilan birga, yiliga qiymati 2 mlrd dollardan ortiq komponentlarni import qilmoqdamiz», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Avtomobillarning yillik ishlab chiqarish hajmini 500 mingtaga yetkazish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu bois, extiyot va butlovchi qismlariga talab ortib boradi. Bu esa o‘z o‘rnida — Vengriyalik hamkorlar bilan birgalikda yangi ishlab chiqarishlarni barpo etish uchun asos bo‘ladi, dedi u.

Oltinchi yo‘nalish. Markaziy Osiyoda farmatsevtika bozorining hajmi 6 mlrd dollarni, O‘zbekistonda esa — 2 mlrd dollarni tashkil etadi.

Bugungi kunda, O‘zbekiston mintaqada dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Ichki ehtiyojimizning 50 foizini mahalliy ishlab chiqaruvchilar ta’minlaydi.

Ayni paytda, farmatsevtika korxonalarimiz qo‘shni bozorlarni faol o‘zlashtirishmoqda va bu yo‘nalishda ham qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda katta imkoniyatlar mavjud.

«Har bir biznes tashabbusni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun bizda barcha zarur vositalar mavjud. Biz infratuzilma, texnologiya, resurslar va inson kapitali bo‘yicha ulkan salohiyatga egamiz. Eng muhimi, mamlakatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasi va qat’iy qo‘llab-quvvatlashiga tayanamiz. Barchangizni ushbu imkoniyatlardan to‘liq foydalanishga chaqiraman», — deya ta’kidladi investitsiyalar vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, forumda O‘zbekiston tomonidan ishtirok etayotgan vazirlik va idoralar rahbarlari tadbirkorlar o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyor.

«Hozir bizdan amaliy sa’y-harakatlarni boshlash va yanada ko‘proq ishlash talab etiladi. Bir narsani aniq ayta olamanki, O‘zbekiston-Vengriya hamkorligi sifat jixatdan butunlay yangi bosqichga olib chiqilishi faqatgina ikki mamlakat tadbirkorlariga bog‘liq. Barchangizga „B2B“ va „B2G“ muzokaralarda samarali natijalarga erishishingizni, Sizlarning bugungi barcha kelishuvlaringiz alohida nazoratga olinishini va har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishiga kafolat beraman», — dedi Jamshid Xodjayev.