To‘ldirish: To‘lov xizmatlari seshanba oqshomida avval o‘chirilgan to‘lov turlari qayta tiklanganini ma’lum qildi.

Payme, Click va Apelsin kabi ommaviy to‘lov tizimlari 1 noyabr kuni joyida to‘lovlarni o‘tkazishni (QR-kodni, shtrix-kodni skanerlar, Telegram-kanallar orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar va marketpleysning mobil dasturlari bilan integratsiyalarni) to‘xtatib qo‘ydi. Apelsin mobil dasturida biriktirilgan Uzcard va Humo kartalarining balansi ham ko‘rinmayapti.

Payme mobil dasturi o‘z foydalanuvchilariga quyidagicha bildirishnoma yo‘lladi: «Ayni paytda [O‘zbekistonda] chakana savdo va xizmatlar ko‘rsatish sohasida hisob-kitoblar tartibini takomillashtirish, ya’ni barcha to‘lovlarni fiskallashtirish bo‘yicha (soliq organlari barcha to‘lovlar haqida ma’lumot olib tura olishi uchun — tahr.) keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlar iqtisodiyotdagi yashirin aylanmani qisqartirish, shuningdek, mazkur sohada samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratishga qaratilgan.

1 noyabrdan Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan onlayn-kassa mashinalari, to‘lov tashkilotlari va fiskal ma’lumotlar operatori o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik sxemasi kuchga kiradi.

«Tasdiqlangan o‘zaro hamkorlik sxemasidan chetga og‘ishlar soliq organlari tomonidan sanksiyalar qo‘llanilishiga olib keladi. Ushbu vaziyat tufayli jamoamiz shoshilinch ravishda texnik ishlarni amalga oshirishi va quyidagi xizmatlarni vaqtincha o‘chirib turishi talab etiladi: joyida to‘lovlar, QR-kod orqali to‘lov, Payme Go, Telegram-kanallaridagi to‘lov va ba’zi boshqa to‘lovlar», — deya ma’ulm qildi Payme.

Marketpleyslar bilan integratsiya

Davlat soliq qo‘mitasi marketpleyslar bilan integratsiyani amalga oshirayotganini ma’lum qildi. Xususan, tovar va xizmatlarini elektron tijorat platformalari (marketpleys) orqali realizatsiya qiluvchi tadbirkorlar uchun savdo operatsiyasini elektron shaklda DSQga yuborgan holda, fiskal belgili chekni to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn rejimda shakllantirish imkoni yaratilgan.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston qonunchiliga ko‘ra, marketpleys — operator tizimiga bog‘lanish imkoniyatiga ega bo‘lgan, operatorga taqdim qilgan chek ma’lumotlari asosida onlayn rejimda fiskal belgilarni qabul qiluvchi, cheklarni elektron shaklda xaridorlarga yuborish funksiyasiga ega bo‘lgan texnika vositalaridan, axborot texnologiyalaridan va axborot tizimlari xizmatlaridan foydalangan holda elektron to‘lov hujjatlari vositasida naqd yoki naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish tizimidir.

Vazirlar Mahkamasining 943-son qaroriga muvofiq, davlat reyestriga kiritilmagan marketpleyslardan foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Marketpleysni reyestrga kiritish uchun esa ariza bilan Davlat soliq qo‘mitasiga murojaat qilish lozim.

Marketpleyslar fiskal chek ma’lumotlarini kamida 5 yil davomida saqlashi va foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini qilishi, konfidensialligini ta’minlashi shart.

Axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarning yoki tartiblarning buzilishi holatlari huquqbuzarlarga nisbatan quyidagi choralarni ko‘rishga sabab bo‘ladi:

  • Soliq kodeksining 227−1-moddasiga asosan moliyaviy sanksiya (soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish — realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida jarima);
  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 175-moddasi 6-qismiga asosan ma’muriy jarima (fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash va soliq organlariga tegishli axborot berish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish — BHMning 100 baravari (1 noyabr holatiga 30 mln so‘m) miqdorida jarima).

«Oddiy tushuntirish»

DSQning Telegram-kanali vaziyat yuzasidan «oddiy tushuntirish» berdi.

«Fuqarolar, ya’ni siz va biz xaridni amalga oshirganimizda chek olishimiz va ushbu xaridni 1 foizini „keshbek“ qilib qaytarib olishimiz lozim. Bu qonuniy huquqimiz ! Shunday ekan, mobil ilovalar orqali to‘laganda chek ham shu ilovada berilishi kerak-da. Elektron chek uchun esa keshbek avtomat hisoblanadi», — deyiladi qo‘mita tushuntirishida.

«Tadbirkorlik subyektlari tomonidan fiskal belgili chek berilishini talab qilish bu normal holat va to‘g‘ri qabul qilinishi kerak deb hisoblaymiz», — deya qo‘shimcha qilingan DSQ xabarida.

Nima uchun servislar onlayn-to‘lovlarni o‘chirmoqda?

Davletovuz’ning qayd etishicha, QR-kod yordamidagi to‘lovlar korxonalar uchun elektron to‘lovlarni qabul qilishning eng arzon varianti edi.

«Chunki hech qanday xarajatga olib kelmagan — to‘lov tizimiga ulanib, printerda QR-kodni chiqarib qo‘yib, naqdsiz to‘lovlarni qabul qilsa bo‘lardi. Naqd puldan qochish uchun yaxshi imkoniyat edi, endi yana tadbirkorga ortiqcha xarajat, iste’molchiga jabr. Go‘yoki yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish yo‘lida tanlangan ushbu chora Davlat soliq qo‘mitasining «qonun talablari asosida ishlashimiz kerak», degan aqlli bayonotlari bilan xaspo‘shlansa kerak.

Blogerning fikricha, ushbu qaror sabab onlayn-servislar va onlayn to‘lov tizimlari rivoji zarar ko‘radi. «Odamlar o‘z-o‘zidan naqd pul bilan muomala qilishga o‘tadi, bir-ikki «aqllining tashabbuslari»ni deb shuncha ish bir joyga tiqiladi», deya qayd etib o‘tgan u.

Asaxiy internet-do‘koni asoschisi Firuz Allayevning so‘zlariga ko‘ra, DSQning bu qarori «yana bir noqulaylik»ni keltirib chiqarmoqda.

«Sotuvchidan chek talab qilinishi, har bir sotuv soliq tomonidan hisobga olinishini tushunaman. Lekin, to‘lov tizimi shunchaki to‘lov qabul qiladigan vositadir. Terminal yoki naqd pul qanday vosita bӯlsa, to‘lov tizimi ham to‘lov qabul qilish uchun vosita. Ular mahsulot sotishmaydi, shunchaki pulni sotuvchiga yechib berishadi ya’ni virtual terminal rolini o‘ynashadi. Bu holatda ulardan ham chek talab qilinishi yana bir noqulaylik, xolos», — deb yozadi u.

Uning fikricha, umumiy summaga sotuvchi chek berganining o‘zi yetarli bo‘lishi kerak.

«To‘lov tizimi olgan komissiyasidan solig‘ini to‘lasin, lekin bu ishlashni murakkablashtirmasin. Hozirgi holat soliqdan qochishni yanada kuchaytiradi deb qo‘rqaman. QR-kod orqali to‘lov o‘rnini kartadan-kartaga o‘tkazish yoki shunchaki naqd pul egallashi mumkin», — deya ta’kidladi tadbirkor.