O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov 2022 yilda IT-xizmatlari eksporti hajmi 100 mln dollardan ortishini ma’lum qildi. Bu haqda u Samarqandda o‘tkazilayotgan ICTWeek Uzbekistan haftaligining ochilish marosimida gapirib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Vazir 2021 yilda eksportyor korxonalar soni 102 tani, eksoport hajmi 46 mln dollarni tashkil qilganini, 2022 yilda esa bu kabi korxonalar 257 taga yetganini qayd etdi.

«To‘qqiz oyning o‘zida eksport bilan shug‘ullanadigan IT-park rezidentlari shuncha yildan buyon eksport bilan mashg‘ul korxonalarga qaraganda 2,5 baravarga oshib ketdi. IT bo‘yicha besh yil oldin deyarli eskport bo‘lmagandi, bu yilning o‘zida 100 mln dollardan ortiq eskportimiz chiqadi. Keyingi bir yilning ichida an’anaviy aloqa (mobil operatorlar, pochta xizmatlari) eskportiga qaraganda IT eksportimiz ko‘p bo‘ladi. Bu ham IT qamrovining kengayishiga misol bo‘ladi», — dedi Sherzod Shermatov.

Uning aytishicha, axborot-texnologiyalari haftaligini o‘tkazish maqsadlaridan biri xalqaro tashkilotlarning O‘zbekiston haqidagi xabardorligini oshirish, bu yerda autsors imkoniyatlari borligini ko‘rsatishdan iborat.

Foto: Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

«Hozir faqat Toshkent shahrida emas, juda ko‘p korxonalarimiz hududlarda bo‘lyapti. [Tadbirning] Samarqandda bo‘lishi ham bejiz emas, samarqandlik juda ko‘p yoshlarimiz, odamlarimiz chet elda, ayniqsa, AQShda yashaydi, katta mahallalar, assotsiatsiyalar bor. Chet eldagi hamyurtlarimizning o‘zini yurtiga autsorsga buyurtma berish bo‘yicha eng birinchi vakilimiz, elchimiz sifatida taklif qilamiz. Chunki bu ham ularga foyda. U yerda bitta ishchini ishga olishga 10 ming dollar xarajat ketadigan bo‘lsa, bu yerda ancha kam ketadi», — dedi vazir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sherzod Shermatov 2028 yilga qadar dasturiy mahsulotlar va xizmatlar eksportini 1 mlrd dollardan oshirish asosiy maqsad sifatida belgilab olinganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, u IT-sohasining boshqa sohalar eksportidan juda katta farqi borligini va bunday eksportda O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat deyarli 100 foiz bo‘lishi, buni amalga oshirish uchun esa qo‘shimcha import mahsulot yoki xom ashyo kerak bo‘lmasligini aytgandi.