Birlashgan Arab Amirliklaridagi Dubay amirligining markazi — Dubay shahri hozirda ko‘pchilik tomonidan «kelajak shahri» deya tilga olinadi. Sahro ustiga qurilgan va Fors ko‘rfazi bo‘yida joylashgan ushbu shaharning nega bunday atalishi va nega Dubayga bir marotaba bo‘lsa ham tashrif buyurish kerak ekanligi haqda «Gazeta.uz» ning ushbu maqolasida bilib olishingiz mumkin.

«Dubay» so‘zini «lichinkadan chiqqan chigirtka» deya tarjima qilish mumkin. O‘z ma’nosiga yarasha, ushbu shahar boshqa yirik shaharlar bilan solishtirilganda, go‘yoki birdaniga paydo bo‘lib qolgan megapolisga o‘xshaydi. XIX asr boshlarida Dubay aholisi atigi 1200 kishini tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda ushbu shahar aholisi 3,5 mln dan oshgan. Shahar maydoni esa, 2019 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, 3885 km² ni tashkil qiladi. Ammo shahar borgan sayin kengayib bormoqda. Shahar yerlarini esa «sahrodan tortib olingan yerlar» deb ta’riflash mumkin. Go‘yoki sahro bilan jang qilinayapti va yerlar shaharlashtirilmoqda.

Foto: Flickr / Dubai Marina va Jumeirah Lake Towers deb nomlanuvchi hududlar.

Dubayning qisqacha tarixi

1940 yillargacha Dubay kichik bir aholi punkti edi. Dubay aholisi marvarid sotish va uni oziq-ovqatga almashtirish orqali kun ko‘rishardi. Keyinchalik, yaponiyaliklar marvaridlarni sun’iy yo‘l bilan yetishtirishni o‘rganishdi va haqiqiy marvaridlarga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada kamaydi. Natijada BAAda inqiroz boshlandi. Biroq, keyinchalik (1966 yilda) ushbu hududda neft topilgach, hammasi o‘zgardi.

Dubayda ko‘p qavatli binolarning qurilishi 1979 yilda boshlangan bo‘lib, o‘sha yili bu yerda 39 qavatli Dubay Jahon savdo markazi bunyod etilgan. Qurilishi tugallangach, bu bino Yaqin Sharqdagi eng baland binoga aylandi.


Foto: 1979 yilda qurilgan Dubay Jahon savdo markazi (kadrning markazidagi oq rangdagi bino).

Keyinchalik bu kabi va bundan ham baland osmono‘par binolar birin-ketin qad rostlay boshladi. Misol uchun Dubay shahrining timsollaridan biri bo‘lgan «Burj al-Arab» binosi 1994−1999 yillarda qurib bitkazilgan. 321 m balandlikka ega ushbu bino 2008 yilgacha eng baland mehmonxona maqomini saqlab turgan.

Foto: Burj al-Arab.

Dubay: bugun

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 7−10 oktabr kunlari o‘zbekistonlik jurnalistlar va blogerlar uchun Dubayga media-tur tashkil etdi. Media-turda «Gazeta.uz» muxbiri ham ishtirok etdi. 3 kun davom etgan media-turda jamoa shaharning Dubay Marina deb nomlanadigan nufuzli qismidagi mehmonxonada bo‘ldi va juda ko‘p diqqatga sazovor joylarni ko‘rishga ulgurdi.


Foto: Dubay Marina.

Dubay Marina transportda harakatlanish bo‘yicha shaharning eng yaxshi joylaridan biri bo‘lib, bu yerda ikkita metro bekati, avtobus tarmog‘i, Dubay tramvayi va suv qatnovini ta’minlaydigan paromlar mavjud. Shuningdek, bu tumandan Dubayning eng yaxshi restoranlari, ko‘ngilochar maskanlari va mehmonxonalar joy olgan.

Dubay metropoliteni

Dubay metropolitenining hayratlanarli jihati — bu yerda metro harakati avtomatlashtirilgan. Ya’ni uni hech kim haydamaydi va metro vagonlari metr, santimetrigacha aniqlikda bir xil nuqtalarda to‘xtaydi. Metropoliten 2009 yil 9 sentabr kuni ishga tushirilgan bo‘lib, o‘zining 2 ta tarmog‘iga va ularning ichiga kiruvchi 49 ta bekatiga ega.


Dubay metropoliten tarmog‘ining umumiy uzunligi 90 km ga teng.

Metro odatda har 10 daqiqada keladi, ammo tig‘iz paytlarda har 4−5 daqiqada kela boshlaydi. Shu yo‘l bilan metro vagonlarining to‘lib ketishi oldi olinadi.

Dubay metropolitenining yana bir qulay tomoni, metro bekatlari shaharning diqqatga sazovor joylari, savdo markazlari bilan kesishgan. Ya’ni siz bu joylarga, misol uchun Dubai Mall savdo markaziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri metro orqali o‘tishingiz mumkin.

Foto: Dubai Mall dan metroga o‘tiladigan yo‘lak.

Qizil tarmoq barcha mashhur joylarni, jumladan Burj Khalifa, Dubai Mall savdo markazi, Emirates Towers, Jumeirah Lakes Towers va Mall of the Emirates ni qamrab oladi va Dubay aeroportiga yaqin joyda ham o‘z bekatiga ega.

Yashil tarmoq esa Dubai Creek bo‘yidagi eski shahardan tortib, Al Fahidi, Deira deb nomlanuvchi tarixiy tumanlari, Dubayning mashhur oltin va ziravorlar bozorigacha eltadi.

Dubay metropoliteni vagonlari uch toifaga bo‘lingan: Gold, Silver hamda ayollar va bollar uchun vagon. Panoramali oynali Gold toifadagi vagonlar kengroq va keng charm o‘rindiqlarga ega. Hashamatli vagonda sayohat qilish uchun siz metro kassalaridan birida maxsus tarif bo‘yicha chipta sotib olishingiz kerak bo‘ladi. Shuningdek, barcha sayyohat qilishi mumkin bo‘lgan Silver «umumiy vagonlari», va bundan tashqari, ayollar va bolalar uchun alohida vagonlar mavjud.

Dubayda qayerlarga borish mumkin?

Eski Dubay qismida shahar tarixi bilan tanishing

Dubay faqat hashamatli binolardan iborat emas. Shaharning eski qismi Dubay tarixini ko‘rsatish uchun, o‘tmishni, urf-odatlarni unutib qo‘ymaslik uchun o‘z holicha saqlab qolingan. Dubai Creek bo‘yida joylashgan ushbu hudud bir paytlar savdo-sotiq va marvarid yetishtirish markazi bo‘lgan. Aynan ushbu Al Fahidi deb nomlanuvchi hududda 1998 yildan buyon Shayx Muhammad bin Rashid Madaniy tushunish markazi faoliyat yuritib keladi.



Ushbu madaniyat markazida shahar mehmonlariga amirliklar tarixi, urf-odatlari haqida so‘zlab beriladi, milliy choy va shirinliklar bilan mehmon qilinadi. Mahalliy ko‘chmanchi xalq — badaviylarning hayotini haqida ko‘p ma’lumotlar bilib olishingiz, o‘zingizni ularning sharoitida his qilib ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi.

Markazning shiori «Ochiq eshiklar — ochiq muloqot» va bu ular sizning barcha savollaringizga javob berishga tayyor ekanliklarini anglatadi.

The View at The Palm kuzatuv maydonchasiga chiqib ko‘ring

The View at The Palm kuzatuv maydonchasi Palm Tower osmono‘par binosining 52-qavatida, 240 metr balandlikda joylashgan.

Bu yerda turib Palm Jumeirah orollari va shahar osmono‘par binolari, shuningdek agar to‘g‘ri vaqt tanlay olsangiz, quyosh botishi manzaralaridan bahramand bo‘lish mumkin.

Foto: quzatuv maydonchasi orqali Dubayning tungi ko‘rinishi.

Kelajak muzeyiga tashrif buyuring

Dubay Kelajak muzeyi (Museum of the Future) 2022 yil 22 fevral kuni ochilgan. Ushbu majmua insoniyat taraqqiyoti va kelajagiga bag‘ishlangan bo‘lib, u yerda yaqin o‘n yilliklar ichida insoniyat kelajagi qanday bo‘lishi kutilayotgani haqida tanishib olishingiz mumkin.


7 qavatdan iborat bo‘lgan ushbu bino ichida turli mavzular va yo‘nalishlarga bag‘ishlangan zallar mavjud.


Foto: Kelajak muzeyining ichki ko‘rinishi.

National Geographic jurnali ushbu muzeyni 14 ta eng chiroyli muzeylar ro‘yxatiga kiritdi.

Burj Khalifa kuzatuv maydonchasi


Zamonaviy Dubay shahrining timsoli — Burj Khalifa hozirda mavjud osmono‘par binolar orasida eng balandi hisoblanadi. Binoning ochilish marosimi 2010 yil bo‘lib o‘tgan va uning balandligi 828 metrni tashkil qiladi.

Binoning 148 qavatida, 555 metr balandlikda joylashga kuzatuv maydonchasi ham dunyodagi eng baland kuzatuv maydoni hisoblanadi.

Burj Khalifa’ning 148-qavatida joylashgan ushbu kuzatuv maydonchasi 2014 yilda ochilgan. Ushbu maydonchaga lift bir daqiqadan ortiqroq vaqt ichida ko‘tariladi.


Foto: kuzatuv maydonchasidan ko‘rinadigan manzara.

Sahro bo‘ylab safari-turga otlaning

Birlashgan Arab Amirliklaridagi eng hayajonli va unutilmas tadbirlardan biri bu sahro safari. Poyonsiz qumlar hashamati odamni hayratga soladi va ilhomlantiradi. 50−60 yillar uslubidagi Land Rover avtomashinalarida sahro bo‘ylab sayyohat, tuya minish, sahro ko‘chmanchi xalqlarining taomlaridan tanovul qilish — sizga yangicha taassurotlar hadya etadi.

Sahro bo‘ylab safarilarni uyushtiradigan Dubaydagi yagona kompaniya — Platinum Heritage. Sahro bo‘ylab uyushtiriladigan ekologik sayyohat davomida sahro manzarasiga zarar yetkazmaslik maqsadida faqat mahsus yo‘l bo‘ylab haraklaniladi.

Tur davomida amirliklar aholisi timsoli bo‘lgan — cho‘l lochini ishtirokidagi shouni tomosha qilishingiz va ushbu jonzot haqida ko‘p ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin.

The Green Planet majmuasida tabiatni his eting

Siz ekologik sayyohatingizni shaharga qaytib, «Yashil sayyora» (The Green Planet) da davom ettirishingiz mumkin. The Green Planet — o‘zining biologik xilma-xilligi bilan tropik o‘rmon ekotizimini sun’iy tarzda tiklagan mintaqadagi birinchi biogumbazdir.

Bu yerda tabiiy hayot tarzi va yopiq tropik muhitning tabiiy muvozanatini saqlaydigan 3000 dan ortiq o‘simlik va hayvon turlari to‘plangan. The Green Planet binosida, shuningdek, ekotizimning hayotiyligini saqlaydigan, dunyodagi eng katta yopiq, sun’iy daraxt deya hisoblanuvchi 25 metrli ulkan daraxt joylashgan.

Caesars Palace mehmonxonasidagi Venus restoranida ovqatlaning


Dubaydagi Bluewaters Island hududida joylashgan Caesars Palace mehmonxonasiga qarashli Venus restoranida siz uchun Dubay shahriga qaragan chiroyli manzara ochiladi.

Aynan shu yerda ushbu manzaradan bahramand bo‘lib, italyan oshxonasi taomlaridan tatib ko‘rishingiz mumkin.

Shopping qilish uchun Dubai Mall savdo markazlariga tashrif buyuring

Dubai Mall dunyodagi eng yirik savdo va ko‘ngilochar markaz bo‘lib, u Dubay markazida joylashgan (Burj Khalifa yonginasida). Markazning umumiy maydoni 1,2 mln m² dan ortiq bo‘lib, rasman 2008 yilda ochilgan.

Dubai Mall da 1300 dan nomdagi do‘konlar mavjud bo‘lib, uning ichida istalgan turdagi mahsulot, kiyim va buyumlarni topish mumkin. Shuningdek, bu yerda katta akvarium, zoopark, turli xil mavzulardagi bog‘lar, muz saroyi,attraksionlar, kinoteatrlar va mashhur restoranlar mavjud. So‘zsiz, ushbu savdo va ko‘ngilochar markazni aylanib chiqishga bir kun kamlik qiladi.

Dubai Mall dan chiqishingiz bilan esa mashhur «raqsga tushadigan» favvoralarni ko‘rishingiz mumkin.

Albatta, Dubayda tashrif buyurish mumkin bo‘lgan, diqqatga sazovor joylar juda ko‘p va bunday nuqtalarning soni borgan sayin ortmoqda. Chunki shaharning o‘zi ham dunyoning ko‘z o‘ngida kengayib bormoqda. Arab dunyosidagi eng katta shaharlar o‘rtasida «eng, eng…» turkumida birinchi bo‘lish uchun poyga ketayotgan ekan, Dubay hali bizni hayratlantirishda davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq UzAirways aviakompaniyasi O‘zbekiston-BAA yo‘nalishiga ko‘proq e’tibor qaratayotgani va 30 oktabrdan boshlab Farg‘ona — Dubay — Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yayotgani haqida xabar bergan edik. Bugungi kunda UzAirways Toshkentdan Dubay shahriga muntazam aviaqatnovlarni haftasiga olti marta amalga oshirmoqda.