Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Rost24.uz internet nashrida e’lon qilingan poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi xonadonlardan birida o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan «Tez yordam» xodimlari kaltaklanganiga doir xabarga munosabat bildirdi. Bosh prokuratura esa holat yuzasidan IIO tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, 12 oktabr kuni soat 16:27 da Yakkasaroy tumanining Bobur ko‘chasida joylashgan xonadonlarning biridan tez tibbiy yordam xizmatiga chaqiriq kelib tushgan. Shundan so‘ng, shifokor B.M. va feldsher ayol J.I. dan tarkib topgan «103» brigadasi chaqiriq manziliga yetib borib, bemor B.J.ga tibbiy yordam ko‘rsatgan.

Biroq ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lganligi sababli B.J.ni zudlik bilan shifoxonaga olib ketishga qaror qilingan. Bemorni transportirovka qilish chog‘ida uning o‘g‘li asosli sabab bo‘lmasa-da, tibbiy brigada xodimlari bilan tortishib, qo‘l ko‘tarish darajasigacha borgan.

Oqibatda feldsher J.I. ko‘krak qafasiga zarba olgan va ahvoli yomonlashgan. Shunga qaramay, tibbiy brigada o‘z xizmat burchiga mas’uliyat bilan yondashib, chaqiriqni yakunlagan, ya’ni bemorni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining qabul bo‘limiga olib borgan.

Xabarga ko‘ra, «103» feldsheri J.I. mazkur shifoxonaning xirurgiya bo‘limi shok zaliga «ko‘krak qafasining yopiq jarohati» tashxisi bilan yotqizilgan. Hozir feldsher J.I. mazkur bo‘limning intensiv palatasida tegishli davo muolajalarini olmoqda. Ahvoli o‘rta og‘irlikda.

SSV mazkur holatni o‘z nazoratiga olganini qayd etdi.

«Umuman, vazirlik fuqarolarimiz tomonidan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuzkor harakatlar sodir etilishiga nisbatan doimo murosasiz munosabatda bo‘ladi. Shuningdek, vaziyatga qonun doirasida huquqiy baho berilishi uchun barcha zarur choralarni ko‘radi», — deyiladi xabarda.

Bosh prokuratura matbuot xizmati janjal yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

«Surishtiruv harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan. Natijalari bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi», — deyiladi xabarda.