«Sharqiy» xabni rivojlantirish hamda Farg‘ona vodiysidan aviaqatnovlarni ko‘paytirish maqsadida UzAirways 30 oktabrdan boshlab Farg‘ona — Dubay — Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

Parvozlar haftada 2 marta — seshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Aviakompaniya hozirda O‘zbekiston-BAA yo‘nalishiga ko‘proq e’tibor qaratishni rejalashtirgan.

Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda UzAirways Toshkent — Dubay — Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab parvozlarni Boeing 787 Dreamliner havo kemasida amalga oshirmoqda. Bundan tashqari, UzAirways Boeing 767 va Boeing 757 havo kemalaridan Yevroosiyo va Shimoliy Amerika mamlakatlariga yo‘lovchilarni yetkazish maqsadida foydalanadi.

Ma’lumot uchun, UzAirways Boeing kompaniyasidan 1996 yilda o‘zining birinchi Boeing 767 havo kemasini qabul qilgandan beri ushbu kompaniya bilan hamkorlik qilib keladi. 26 yillik hamkorlik davomida Uzbekistan Airways aviaparki Boeing kompaniyasiga tegishli 14 ta havo kemasiga ega bo‘ldi. 2021 yilning may oyida esa UzAirways oltinchi Boeing 787 Dreamliner havo kemasini qabul qilib oldi.

Bugungi kunda UzAirways Toshkentdan Dubay shahriga haftasiga 6 marta — dushanba, chorshanba, payshanba, juma, shanba va yakshanba kunlari muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirmoqda.

Shuningdek, aviakompaniya 31 oktabrdan boshlab Toshkent — Sharja — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar sonini oshirmoqda. Aviaqatnovlar haftaning dushanba, payshanba va shanba kunlari bajariladi.