Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumani hududidan o‘tuvchi kanalda yosh qizning jasadi topilgani haqida xabarlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Tarqalgan xabarlarda avgust oyida qizning zo‘rlangani yuzasidan ariza yozilgani, ammo noma’lum sabablarga ko‘ra jinoiy ish tergovdan to‘xtatilgani qayd etilgan. Qizning telefonida uni zo‘rlaganlikda gumon qilingan yigit yarim tunda xabar yuborgani aytilgan. Marhumning onasining aytishicha, qiz yo‘qolgan kuni u bilan bir xonada yotgan.

Aniqlanishicha, 2022 yil 1 oktabr kuni Pastdarg‘om tumani «Kamolot» mahallasi hududida joylashgan yerteshar suv taqsimlash kanalida Samarqand shahrida yashagan 18 yoshli Yu.M. (ayol)ning murdasi topilgan.

Mazkur o‘lim sababini va boshqa holatlarni aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi hamda tegishli xizmat tekshiruvlari tayinlangan. Hozirda ushbu holat yuzasidan Pastdarg‘om tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

«Tekshirish mobaynida videoxabarda ko‘rsatilgan boshqa holatlarga ham o‘rganilib, huquqiy baho berilishi ta’minlanadi», — deyiladi xabarda.