9 oktabr kuni soat 20:30 larda Yashnobod tumani Maxtumquli ko‘chasida YTH oqibatida ikki kishi vafot etdi, deya xabar qilmoqda Toshkent shahar IIBB YHXB.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘ra, BMW avtomobili (davlat raqami — 10 M 666 PA) katta tezlikda yo‘l o‘rtasidagi bordyurdan oshib o‘tib, qarama-qarshi bo‘lakka chiqib ketgan va Nexia-3 ustiga tushib, ag‘darilgan. BMW boshqa Nexia-3 va Lacetti avtomobillariga ham zarar yetkazgan (video).

Hodisa oqibatida ustiga BMW tushgan Nexia-3 haydovchisi va yo‘lovchisi voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Toshkent shahar IIBB