O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 oktabr kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishda shoshilishning hojati yo‘qligini yana bir bor ta’kidladi.

U 1 avgustgacha Konstitutsiyani o‘zgartirishga 150 mingdan ortiq takliflar tushganini eslatib, «Bu xalqimizning ertangi kunga befarq emasligidan dalolat beradi», — dedi.

«O‘qituvchilar, olimlar, tadbirkorlar, faxriylar, veteranlar, nuroniylar va boshqalar — jamiyatda qanday rahbariyat bo‘lishidan qat’i nazar, har biri qonun, Konstitutsiya meni himoya qilsin deyapti. Shuning uchun, [konstitutsiyaviy] komissiya 1 avgustdan keyin [o‘zgartirishlar loyihasi] muhokamasi tugallangandan so‘ng ham o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Shundan so‘ng 2500 ga yaqin taklif ham kelib tushdi», — dedi prezident.

«Mukammal va xalqchil» Konstitutsiya yaratish uchun «shoshilishning hojati yo‘q», — dedi davlat rahbari. Avvalroq u yangilangan hujjatni «shoshilmasdan, chuqur o‘ylab, xalq bilan maslahatlashib» qabul qilish kerakligini bir necha bor ta’kidlagan edi.

«Mening taklifim shoshilmaslik kerak. 150 000 nafar aholi… Qachon ular kelajakda tashabbuslar bo‘yicha o‘z takliflarini beradi? Masalan, odamlarimiz ochiq budjet bo‘yicha ovoz berishni o‘rgandimi? Adolat bo‘lsa, jamiyat o‘zgaradi. Hech kim [bu jarayonga] aralashmayapti. Endi tasavvur qiling-a, agar barcha ajratilgan mablag‘lar ochiq budjetga ajratilsa va odamlar ovoz berib, unga qo‘l qo‘ysa, menga qancha yaxshi bo‘lardi. 10 karra ko‘p adolat bo‘lardi, 15 karra pul qisqarardi», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev, agar kerak bo‘lsa, «xalq Konstitutsiyani o‘zinikidek qabul qilishi» uchun «aholi bilan kelishib» tuzatishlar kiritilishini yana bir bor ta’kidladi.

«Biz odamlarga 150 000 ga yaqin takliflari uchun ularga javob berishimiz kerak: bu to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri, biz buni qabul qilamiz va buni qabul qilmaymiz, nega qabul qilyapmiz yoki nega qabul qilmayapmiz. Shunday zamon ham kelyaptiki, odamlar: „Men ham eshitdi“, degan fikrda bo‘ladi. O‘ylaymanki, shoshmaslik to‘g‘ri bo‘ladi», — deya ta’kidladi u.

1 avgust kuni Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha xalq muhokamasi yakunlandi. Avvaliga muhokama qilish uchun 10 kun ajratildi. Keyin deputatlar bu vaqt yetarli emasligini tan olishdi va yana 10 kun qo‘shishdi. Keyinroq muhokamani yana 15 kunga uzaytirishga qaror qilindi.

Umumxalq muhokamasi yakunlanganidan so‘ng konstitutsiyaviy komissiya Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitalari «odamlardan kelib tushgan takliflarni umumlashtirish va tahlil qilish, shuningdek, qonun loyihasini yakunlash bo‘yicha ishlarni davom ettirishi»ni ma’lum qildi. Komissiya vaqti-vaqti bilan alohida maqolalarida rejalashtirilgan o‘zgarishlar haqida hisobot beryapti, ammo bu jarayonni butunlay ochiq deb atab bo‘lmaydi.

Prezident o‘tgan yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimdagi nutqida ilk bor Konstitutsiyani isloh qilish zarurligi haqida gapirib, bunday taklif mamlakat aholisining o‘zidan kelayotganini ta’kidlagandi. Shavkat Mirziyoyev dekabr oyida O‘zbekiston xalqini Konstitutsiyaning 29 yilligi munosabati bilan tabriklar ekan, 2022 yil 8 dekabrga qadar Konstitutsiyaning 30 yilligiga bag‘ishlangan o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi.