Namangan viloyati Chortoq tuman tibbiyot birlashmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Tohir Mo‘minov tug‘ruqxonaning to‘lib-toshgan bo‘limlar aks etgan videolavhasi internetda tarqalgach, o‘z lavozimidan ozod etildi, deya ma’lum qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Aniqlik kiritilishicha, tibbiyot muassasasining 50 o‘ringa mo‘ljallangan tug‘ruq bo‘limiga yilning to‘qqiz oyida 3700 dan ortiq homilador ayol qabul qilingan. Bunga qadar muassasa kuniga o‘rtacha 13 ta tug‘ruqni amalga oshirgan, ya’ni qo‘shimcha ish yuki sezilmagan. sentabr oyida esa tug‘ilishlar soni kuniga o‘rtacha 20 tagacha ko‘tarildi, bu esa joylarning yetishmasligiga olib keldi.

«Tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati mazkur masalani hal etish bo‘yicha o‘z vaqtida kerakli chora-tadbirlar ko‘rmagan. Oqibatda ushbu tug‘ruq bo‘limidagi palatalarda o‘rin-joylar sanitar-epidemiologik talablarga rioya etilmagan holda joylashtirilgan. Ya’ni samarasiz ishlayotgan statsionar o‘rinlar hisobiga homilador ayollar uchun qo‘shimcha o‘rin-joylar yaratish imkoniyati mavjud bo‘la turib, tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati mazkur muammoga sovuqqonlik bilan yondashgan», — deyiladi xabarda.

Muammoli vaziyatni tezkorlik bilan hal etish uchun tug‘ruq bo‘limiga qo‘shimcha 20 ta o‘rin (jami 70 o‘rin) ajratildi.

Avvalroq, tug‘ruq bo‘limi mudirasi Hamida Obidova Daryo`ga bergan intervyusida sanitariya qoidalariga ko‘ra, bitta bo‘limga uch nafardan ortiq bemor kiritilmasligini aytgandi. Biroq, tug‘ruq davridagi ayollar sonining ko‘payishi va yotoqxonalar yetishmasligi sababli tibbiyot muassasasi xodimlari hattoki kabinetlarini bo‘shatishga majbur bo‘lishgan. Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videoda bir palatada yangi tug‘ilgan chaqaloqlari bilan yotgan 10 dan ortiq ayol tasvirlangan.


Xamida Obidova. Foto: Daryo.

Hamida Obidova, shuningdek, avvalroq Chortoq viloyatida 25 ming nafar tug‘ish yoshidagi ayollar bo‘lgani, tug‘ruq majmuasi yuklamani yengib kelganini ta’kidladi. Hozir bu ko‘rsatkich 30 mingga oshib, 55 ming nafar ayolga yetdi.

«Ilgari tug‘ruqxonada 160 o‘rin ajratilgan bo‘lsa, keyinchalik ba’zi farmoyishlarga ko‘ra bu ko‘rsatkich me’yor va qoidalarga muvofiq bo‘lishi uchun 50 o‘ringa qisqartirildi», — dedi boshqarma boshlig‘i.