Toshkent IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xalq deputatlari poytaxt kengashining 16 sentabrdagi sessiyasida Toshkentning ayrim ko‘chalarida eng yuqori tezlikni 60 km/soat (hozir 70 km/soat)gacha cheklashni taklif qildi. Ammo deputatlarning bir qismi bunga qarshi chiqdi, boshqalari esa bu chora samaradorligiga shubha bildirdi, shu sababli kengash ushbu masalani ko‘rib chiqishni keyingi sessiyaga qoldirdi.

YHXB boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Nasirovning aytishicha, davlat rahbarining 4 apreldagi «Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan yo‘l tarmog‘i infratuzilmasini takomillashtirish va sifatini oshirish, aholining avtomobil yo‘llarida o‘lim holatlarini keskin kamaytirish, «piyoda — jamoat transporti — velosiped — avtotransport» ustuvorligi tamoyili asosida barcha harakat ishtirokchilari xavfsizligi uchun ishonchli shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sakkiz oyda Toshkentda 645 ta YTH sodir bo‘lgan, buning natijasida qurbonlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 720 nafardan 775 nafarga ko‘paygan.

Yakkasaroy tumanida yo‘l-transport hodisalari soni 36 tadan 40 taga, jarohatlanganlar soni 42 tadan 48 taga ko‘paydi. Yunusobod tumanida o‘tgan yilgi 68 taga nisbatan 75 ta YTH qayd etilgan bo‘lib, natijada halok bo‘lganlar soni 8 dan 11 gacha, jarohatlanganlar esa 82 dan 84 gacha oshdi. Yashnobod tumanida 73 ta avariya (64 ta edi) va 95 ta jabrlangan (57) qayd etilgan. Yangihayot tumanida YTHlar soni 26 tadan 33 taga ko‘paydi, ularda 49 kishi tan jarohati oldi (26 tani tashkil etgandi).

Barcha baxtsiz hodisalarning qariyb yarmi — 47,9 foizi tezlikni oshirish tufayli sodir bo‘lgan. Masalan, 8 iyun kuni Bobur ko‘chasida Matiz haydovchisi tezlikni oshirib, boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l chetidagi daraxtga borib urilgan, natijada haydovchi va yo‘lovchi hayotdan ko‘z yumdi. 7 avgust kuni Farg‘ona yo‘li ko‘chasida Spark haydovchisi katta tezlikda kelayotgan Lacetti mashinasiga yo‘l bermasdan, ruxsat etilmagan joyda o‘ngga burilgan. Natijada Spark haydovchisi va yo‘lovchisi halok bo‘lgan, ushbu avtomobilning ikki yo‘lovchisi va Lacetti haydovchisi jarohatlangan.

Joriy yilda yangilangan Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida avtotransport vositalarining ruxsat etilgan maksimal tezligi 60 km/soatgacha kamaytirilishi mumkin. Hukumat bu cheklovni to‘g‘ridan-to‘g‘ri joriy qilishi mumkin edi, biroq bu haqdagi qarorni yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Respublika komissiyasiga yuklash hamda faqat «yo‘l harakati intensivligi yuqori bo‘lgan joylarda va odamlar gavjum joylarda» joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev fevral oyidagi yig‘ilishda Toshkent markazida tezlikni 50−60 km/soatga tushirish zarurligi haqida gapirgan bo‘lsa-da, hukumat quyi chegarani 50 km/soatga tushirmagani haqida yozgan edik. O‘zbekiston ruxsat etilgan tezlik 70 km/soat bo‘lgan kam sonli davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda (aslida ruxsat etilgan o‘lchov xatosini hisobga olsak, u 75 km/soatni tashkil etadi).

Qayd etish joizki, YHQda maktablar va bolalar bog‘chalari oldida tezlikni 30 km / soatgacha kamaytirish talabi ham noaniq tarzda yozilgan. Unda «tegishli belgilar mavjud bo‘lsa» degan jumla qo‘shib ketilgan. Toshkentning ko‘p joylaridagi maktablarda esa haligacha «50» belgisi turibdi. Bundan tashqari, belgilarni maktablarning har tomoniga emas, faqat bir tarafiga o‘rnatilishi mumkin.

Sherzod Nasirov o‘z nutqida Yevropaning 31 davlatida shaharlar va boshqa aholi punktlarida maksimal tezlik 50 km/soatni tashkil etishini aytdi. Ular orasida Germaniya, Fransiya, Finlyandiya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Bolgariya, Daniya, Irlandiya va boshqalar bor. Qozog‘iston, Gruziya, Rossiya, Turkmaniston va boshqa mamlakatlarda chegara 60 km/soatni tashkil qiladi.

Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, yo‘l-transport hodisasi ishtirokchilari jarohatlarining og‘irligi tezlikka qarab geometrik progressiya shaklida oshadi. Avtomobil 30 km/soat tezlikda harakatlanayotganda, 20% hollarda to‘qnashuvda piyoda halok bo‘lsa, 50 km/soat tezlikda bu ko‘rsatkich allaqachon 60%, 70 km/soat tezlikda esa 90% ni tashkil qiladi.

Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari o‘limga olib keladigan YTHlar sonini keskin kamaytirish maqsadida deputatlarga Toshkentning ayrim ko‘chalarida tezlikni kamaytirishni ma’qullashni taklif qildi. «Gazeta.uz» dastlab 40 ta ko‘chada tezlikni pasaytirish rejalashtirilgani, yakunda 6 ta katta ko‘cha — Amir Temur, Bobur, Shota Rustaveli, Bunyodkor, Farg‘ona yo‘li va Yangi Sergeli qolganini aniqladi. Ro‘yxatda ko‘rsatilgan ko‘chalar juda ko‘p transport va baxsiz hodisalar juda ko‘p bo‘lgan ko‘chalardir.

Sherzod Nasirov inson hayoti bebaho ekanligini, baxtsiz hodisada bir kishining ham halok bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi. 2030 yilga borib, o‘limga olib keladigan YTHlar sonini nolga qisqartirish bo‘yicha ulkan maqsad qo‘yilgan bo‘lib, buni tezlikni pasaytirmasdan amalga oshirib bo‘lmaydi.

«Biz tezlikni 70 km/soatdan 60 km/soatgacha kamaytirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishimiz kerak. Yo‘llarda o‘lim holatlarining oldini olamizmi yoki mashinalarni tezlikda harakatlantirishni tanlaymizmi? Takror aytaman: inson hayoti bebaho, tezlikni pasaytirish orqali odamlarning hayotini saqlab qolsak, bu katta yutuq bo‘ladi. Bu o‘nlab, yuzlab insonlar hayotini saqlab qoladi», — dedi u.

Deputatlarning munosabati

Deputat Dilshod Shoumarov shaharda o‘rnatilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlash kameralarining necha foizi ishlayotganini so‘radi. Uning aytishicha, xavfsizlikni ta’minlash va qoidabuzarlarning jazolanishi uchun kameralarning to‘liq ishlashini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.

Sherzod Nosirov 35 foiz kameralar ishlayapti, biroq tadbirkorlarni bu sohaga jalb qilish ishlari olib borilmoqda, deya javob berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tez orada 300 dan ortiq tadbirkorlik subyekti qonunbuzarliklarni bartaraf etish va kameralar o‘rnatish bo‘yicha faoliyatini boshlaydi.

Muratxon Jo‘rayev (yuqori o‘ngda).

Deputat Muratxon Jo‘rayev komissiyaning avvalgi yig‘ilishida tezlikni kamaytirishga qarshi chiqqanini aytdi.

«Avariyalarda 70 km/soat tezlik bo‘lmaydi. 70 km/soat — shusiz ham past tezlik. Bu avariyalar 100 km/soat, 150 km/soat tezlikda, yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda sodir bo‘ladi. Hayot shiddat bilan rivojlanmoqda, biz esa tezlikni sekinlashtirmoqchimiz. Hozir mashinalarning sifati avvalgidek emas. «Jiguli», «Volga» va «Moskvich»lar zamoni o‘tdi. Hozirgi mashinalar zamonaviy va innovatsion [mexanizmlarga] ega», — dedi u.

Uning fikricha, YTHlarning oldini olishga tezlikni pasaytirish bilan emas, balki institut, maktab va boshqa muassasalarda, jumladan, televideniye orqali targ‘ibot-tashviqot ishlari orqali erishish mumkin.

Muratxon Jo‘rayev tezlikni pasaytirish asosiy ko‘chalarda tirbandlikka olib keladi, deb hisoblaydi. Shuningdek, u xorijiy mamlakatlarda ba’zi hududlarda soatiga 100−200 km tezlikda harakatlanish mumkinligini ta’kidladi va «bizda halqa yo‘lida ham 70 km / soat tezlik bor», dedi.

«Bu ham korrupsiyaga olib keladi, — deb davom etdi deputat. — Ertaga juda past tezlik uchun ham jarimaga tortiladi. Jarimalarni tekshirishda korrupsiya holatlari aniqlanishi mumkin. Men bu taklifni qo‘llab-quvvatlamayman».

IIBB YHXB boshlig‘i o‘rinbosari tezlikni pasaytirish tirbandlikka olib kelmasligini ta’kidladi, chunki ko‘chalarning sig‘imi chorrahalarni to‘g‘ri tartibga solishga bog‘liq. Uning eslatishicha, joriy yilda 140 ta chorrahani rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda. Ko‘pgina ishlar allaqachon yakunlangan va birinchi natijalar ijobiydir.

Azamat Ziyo (pastki qatorda chapda).

Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori o‘rinbosari Azamat Ziyo yomg‘ir paytida barcha harakat ishtirokchilari tezlikni pasaytirishi hamda tirbandlik yuzaga kelishini ta’kidladi. Shu bilan birga, Navoiy ko‘chasining rekonstruksiya qilinishi transport o‘tkazuvchanligini oshirishga xizmat qildi, deya e’tirof etdi u.

«Demak, gap faqat tezlikni kamaytirish haqida emas. Eski shaharni olaylik… Menimcha, bu yerda piyodalarning ham hissasi katta. Tezlikni soatiga 60 km ga kamaytirish qanchalik yordam berishini bilmayman «, — dedi u.

Sherzod Nasirov yo‘l harakati xavfsizligi sohasida boshqa muammolar ham borligini tan oldi. Xususan, piyodalarning yo‘lni noto‘g‘ri joydan kesib o‘tish holatlarining oldini olish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

«Aytmoqchimanki, agar biz tezlikni kamida 10 km/soatga pasaytirsak, o‘lim sonini nisbatan kamaytirishimiz mumkin», — dedi u. Bunga javoban zaldan norozi ovozlar eshitildi.

O‘zini tanishtirmagan deputatlardan biri kattalar 60 km/soat tezlik chegarasini saqlab qolishi mumkinligini aytdi, ammo «yoshlar katta tezlikda haydaydi, ularni 60 km/soat tezlik bilan tuzatib bo‘lmaydi».

«Ular shashka o‘ynashadi, bir qatordan ikkinchisiga sakrashadi. Hammamizning mashinalarimiz bor, biz buni ko‘rib turibmiz… Tezlikni 60 km/soatga kamaytirish bilan hech narsa o‘zgarmaydi», — dedi u.

Deputat, «Xalqaro haydovchilik guvohnomalari departamenti» MCHJ o‘rinbosari, «Xalqaro haydovchilik guvohnomalari» bo‘limi boshlig‘i Lobar Qobuljonova ko‘plab ko‘chalarda piyodalar o‘tish joyi belgilari yo‘q yoki o‘chib ketgani, shu sababli haydovchilar to‘xtashga ulgurmay, piyodalarni urib yuborishi mumkinligini ta’kidladi. U YPX inspektorlari svetoforning qizil chirog‘ida yo‘lni kesib o‘tgan piyodalarga nisbatan chora ko‘rganini ko‘rmaganini qo‘shimcha qildi.

«Menimcha, birinchi navbatda agitatsiya bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, yo‘l belgilarini tartibga solish», — dedi u.

Toshkent moliya instituti rektori, deputat To‘lqin Teshaboyev hamkasbining piyodalar belgilari va o‘tish joylari haqidagi fikrini qo‘llab-quvvatladi. U tezlikni 60 km/soatga kamaytirishga qarshi emas, lekin bu muammoni hal qilishiga ham ishonchi komil emas.

Deputat Abdumavlon Qosimov avvalo kengash komissiyasida tezlikni pasaytirish masalasini ko‘rib chiqish, so‘ngra taklifni ovozga qo‘yish kerakligini aytdi. Yana bir deputatning ta’kidlashicha, bu masala komissiyada allaqachon o‘rganilgan, biroq u yerda ovozlar ikkiga bo‘lingan va tajriba tariqasida faqat ikkita ko‘chada tezlikni kamaytirish taklif qilingan.

Azamat Ziyo komissiyada ovozlar bo‘lingan masalalar muhokamaga chiqarilmasligini ta’kidladi.

Kengash sessiyasi raisi Toshpo‘lat Matiboyev Abdumavlon Qosimovning masalani komissiyada qayta ko‘rib chiqish haqidagi so‘zlarini qo‘llab-quvvatladi va bu taklifni ovozga qo‘ydi. Deputatlar ma’qullab ovoz berishdi va shu tariqa masalani ko‘rib chiqish keyingi sessiyaga qoldirildi.

Deputatlar tezlikni pasaytirishni qo‘llab-quvvatlaganlarida, masala bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha Respublika komissiyasiga havola qilingan bo‘lardi.

Nima uchun tezlikni pasaytirish muhim va nima uchun bu yetarli emas?

2021 yilda O‘zbekistonda rasman qayd etilgan yo‘l-transport hodisalari soni 10 001 tani tashkil etdi, bu 2020 yildagi 6882 taga nisbatan 43,24 foizga ko‘p. 2426 kishi (shundan 263 nafari bolalar) yoki o‘tgan yildagi 1962 taga nisbatan 23,65 foizga ko‘p kishi YTH qurboni bo‘lgan. 9230 kishi tan jarohati oldi. Bu o‘tgan yilgi 6591 talik ko‘rsatkichga nisbatan 40 foizga ko‘p. Yo‘l-transport hodisalarining asosiy sabablari tezlikni oshirish va harakatni noto‘g‘ri tashkil etishdir. Piyodalar o‘tish joylarida odamlarni urib ketish ko‘rsatkichi belgilanmagan joylardagi raqamlar bilan bir xil.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, tezlikning har 1 km/soatga oshishi halokatli baxtsiz hodisalarning 4−5 foizga oshishiga olib keladi. Avtotransport tezligi qanchalik past bo‘lsa, ular bilan to‘qnashuvda piyodalarning shikastlanishi va o‘limi xavfi shunchalik past bo‘ladi.

30 km/soat tezlikda avtomobil urib ketgan piyodaning omon qolish ehtimoli 99 foizni tashkil qiladi, lekin tezlik 50 km/soat bo‘lsa, omon qolish darajasi 80 foizga tushadi.

Mart oyida Toshkent hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Transport vazirligi huzuridagi Loyiha boshqarmasi boshlig‘i Murod Obidov shahar uchun 50 km/soat tezlik eng optimal ekanini ta’kidlab, «bu ilmiy jihatdan tasdiqlangan haqiqatdir», — degan edi.

Ta’lim muassasalari yaqinida va turar-joylarda 30 km/soat va undan past tezlik chegarasi ko‘pchilik rivojlangan mamlakatlarda standart me’yor hisoblanadi. Biroq bu yagona shart emas. Ko‘chalarni harakatni sokinlashtiruvchi komponentlar (ko‘tarilgan piyodalar o‘tish joylari, majburiy xavfsizlik orollari, qatnov qismining torayishi va egilishi, chorrahalardagi aylanmalar va boshqalar), tezlikni cheklash mexanizmlari va boshqalarni qo‘shib qayta qurish zarur.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining qayd etishicha, bolalar juda zaif yo‘l foydalanuvchilari hisoblanadi, chunki ular jismoniy, aqliy va ijtimoiy rivojlanish bilan bog‘liq cheklovlarga ega. Bo‘yining pastligi bolalarning atrofdagi tirbandlikni ko‘rishini, shuningdek haydovchilar va boshqalarning ularni ko‘rishini qiyinlashtiradi. YTHlar sodir bo‘lgan taqdirda, bolalar bosh suyagining yumshoqligi ularning og‘ir bosh jarohatlari olish ehtimolini yanada oshiradi.