Toshkent shahrining Yangihayot hamda Bektemir tumanlarining jami 1400 gektar yerida 500 ming kishilik yangi shaharcha quriladi. Loyiha master reja ishlab chiqilyapti. Bu haqda Yangihayot tumani hokimi Hayot Inog‘omov chorshanba kungi matbuot anjumani ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri Mushtariy Oqboyeva.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, shaharchaning 1100 gektar yeri Yangihayot tumanidagi qishloq xo‘jaligi yerlari hisobidan ajratiladi. Bunda hamma ish noldan amalga oshiriladi.

Bunda shaharcha poytaxt markaziga borishda qiyinchilikka duch kelayotgan yoshi katta hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bunyod etilmoqda.

«Buning hammasi inobatga olingan loyiha ishlab chiqilyapti. Bu yerda shifoxona, maktab, bog‘cha, masjid, nogironligi bo‘lganlarga mo‘ljallangan [joylar], konsert tomosha qilish hududlari, shopping, xullas nimaiki bo‘lsa, shu shaharchadan chiqmay, shu yerda ishlab, shu yerda yashasa bo‘ladi. Toshkent markaziga chiqmasa ham bo‘ladi. Hozir shunday loyiha yaratyapmiz», — deya ta’kidladi Hayot Inog‘omov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur loyiha hali tasdiqlanmagan, agar yaqin kunlarda tasdiqlansa, uni ko‘rsata olamiz. Hozir bu loyihani ko‘rsatishni istardim, biroq hali tasdiqlanmagani uchun taqdim qilolmayman, dedi hokim.