Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi Olachopon «Dehibola» mahallasida 17 tup daraxt kesib ketildi. Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bu haqda telefon orqali murojaat qilinganini ma’lum qildi.

Ekologiya hamda Milliy gvardiya xodimlari tezkor ishchi guruh tuzib, manzilga borganda «N.H» fermer xo‘jaligiga biriktirilgan tog‘li hududda o‘suvchanligini yo‘qotmagan 10 tup Zarafshon archa, 7 tup ko‘k terak daraxtlari tag qismidan kesilganligi aniqlandi.

Daraxt kesilishi oqibatida «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunining 37-moddasi talabi buzilgan. O‘simlik dunyosiga 105 mln so‘m zarar yetkazilgani o‘rganildi. Bu zarar «N.X» fermer xo‘jaligiga hisoblandi.

Javobgarlik masalasini hal etish va yetkazilgan zararni undirish va aybdorlarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar sud organlariga o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.