Qirg‘iziston va Tojikiston yana bir bor o‘t ochishni to‘xtatish haqida e’lon qildi, biroq mamlakatlar chegarasida vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Qirg‘iziston

17 sentabrga o‘tar kechasi Qirg‘iziston chegara xizmati Tojikiston tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv vaqtida Bog‘dari qishlog‘ida Tojikiston fuqarolari o‘z uylariga o‘t qo‘yishni boshlagani haqida xabar berdi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, «bunday harakatlar Qirg‘iziston tomonini ularning uylarini vayron qilganlikda yana ayblash maqsadida ataylab uyushtirilgan provokatsiyadir».

Shanba kuni, kunduzi Qirg‘iziston o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini xabar qildi, biroq keyinroq Tojikistonni kelishuvni buzganlikda hamda bir necha bor Botken viloyatining Dostuk qishlog‘i, Paski Ariq aholi punktida, Botkeg tumanining Paski Ariq aholi punkti, Dostuk qishlog‘i, Botken tumanining Tort-Kocho hududidagi IIV ichki qo‘shinlari pozitsiya va bo‘linmalari minomyotlardan, shuningdek, O‘sh viloyatining Chon-Oloy tumanidagi Teshiktosh, Karamik va Karool-Dobo qishloqlaridagi qirg‘iz chegarachilarini artilleriya uskunalaridan o‘qqa tutganlikda aybladi.

20:17 da Qirg‘iziston o‘t ochish to‘xtatilgani haqida xabar berib, chegara idoralari vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tishini e’lon qildi.

Mamlakat prezidenti Sadir Japarov Qirg‘iziston xalqiga murojaat qilib, «O‘z yaqinlarini yo‘qotgan, bir metr ham yerimizdan ayrilmagan, vatanni himoya qilishdek muqaddas burchini ado etgan barcha vatandoshlarimizga hamdardlik bildiraman», — dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning oilalariga har tomonlama yordam ko‘rsatiladi.

Davlat rahbari qurolli to‘qnashuvda nafaqat Qirg‘iziston fuqarolari halok bo‘lganini, balki «Tojikiston tomoni ham katta yo‘qotishlarga uchraganini» ta’kidladi.

«Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, chegaradagi barcha bahslar nizolar bilan kechgan va yo‘qotishlar muqarrar bo‘lganini ko‘ramiz. Lekin, nima bo‘lganda ham, ota-bobolarimizdan meros qolgan bir kvadrat metr yerimizni ham boshqalarga bermaymiz. Biz milliy manfaatlarimizni qat’iy himoya qilamiz!» — dedi u.

Prezident O‘zbekiston bilan chegara liniyalari aniqlanganini, ularni qog‘ozga yozib, rasmiylashtirish qolganini ta’kidladi.

«Qirg‘iz-tojik chegarasini delimitatsiya qilish masalasi esa kun tartibida qolmoqda. Tarixdan ma’lumki, chegara masalasi katta e’tibor va sabr-toqatni talab qiladigan murakkab masala. Ammo biz qirg‘iz-tojik mojarosini imkon qadar tezroq hal qilish borasidagi sa’y-harakatlarimizda bir daqiqa ham to‘xtab qolmaymiz», — deb ishontirdi u.

Davlat rahbari matbuot xizmati prezident Administratsiyasi va boshqa davlat idoralari xodimlari bir kunlik maoshlarini favqulodda holat rejimi joriy etilgan Botken viloyati aholisiga yordam berish uchun o‘tkazishini ma’lum qildi.

Qirg‘iziston tomoni 24 kishi halok bo‘lgani, 129 kishi yaralangani haqida xabar bermoqda. Avvalroq Botken viloyatining chegara hududlaridan 136 ming aholi evakuatsiya qilingani haqida xabar berilgandi. O‘sh viloyatining Chon-Olay tumanidagi Jekendi qishlog‘idan yana 5034 kishi evakuatsiya qilingani arafasida ma’lum bo‘ldi.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Botken viloyatida qariyb 10 ta xonadon elektr ta’minotisiz qolgan.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi harbiy to‘qnashuvlar xaritasi. Manba: AKIpress

Tojikiston

Shanba kuni ertalab Tojikiston chegara xizmati Qirg‘izistonni o‘t ochishni to‘xtatish talabini buzganlikda aybladi. Chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘iziston tomoni chegara hududlarini turli qurollardan o‘qqa tutgan.

«Shu bilan birga, chegarada Qirg‘iziston qurolli kuchlarining qo‘shimcha harbiy kuchlari va vositalarini joylashtirish hamda jangovar pozitsiyalarni mustahkamlash kuzatilmoqda, bu esa qirg‘iz harbiylarining vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida navbatdagi provokatsion harakatlariga tayyorligini ko‘rsatadi», — deyiladi xabarda.

Tojikiston ikki qo‘shni davlat chegarasida xavfsizlik va barqarorlikni tiklash tarafdori ekani, barcha sa’y-harakatlarini muzokaralar olib borish va mojaroni diplomatik yo‘llar bilan hal qilishga yo‘naltirishini ta’kidladi.

Ikki soatdan so‘ng chegara xizmati Qirg‘iziston IIVning 707-sonli harbiy qism komandiri Botken tumani Koktosh qishlog‘idagi Gani nomidagi maktabning sobiq binosida joylashib, o‘q otishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv talablariga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan Isfara shahri Somoniyon mahallasi va «Isfara» chegara otryadi «Dushanbe» chegara posti (zastava)ni barcha turdagi qurollardan o‘qqa tutishga topshiriq berganini ma’lum qildi.

Tojikiston tomonining fikricha, «bu holat alohida qo‘mondonlarning Qirg‘iziston Qurolli kuchlari markaziy shtabiga bo‘ysunmasligidan dalolat beradi».

Biroz vaqt o‘tgach, chegara xizmati Qirg‘iziston «Laxsh» chegara otryadining «Sarhadchi» chegara posti yo‘nalishida barcha turdagi og‘ir qurollardan o‘t ochgani haqida xabar berdi.

Chegara xizmati, shuningdek, qirg‘iz harbiylari O‘sh viloyatining Chon-Olay tumanidan «Grad» harbiy texnikasi orqali Laxsh tumani Tojvaron qishlog‘i aholisining uylariga o‘q uzganini ma’lum qildi. Oqibatda ushbu qishloqning 4 nafar fuqarosi jabrlangan, 3 ta uy vayron bo‘lgan.

Tojikiston qurbonlar sonini hali rasman e’lon qilmagan. Ammo OAVda 7 kishi halok bo‘lgani, 14 dan ortiq kishining jarohatlangani aytildi.

«Aziya-Plyus» nashri Tojikistonning Isfara shahridagi «Chorkuh» jamoasi vakillariga tayanib, oilaning besh a’zosi, jumladan, ikki bola va homilador ayol halok bo‘lgani haqida xabar berdi.

«Qirg‘iz harbiylari tomonidan otilgan snaryad turar-joy binosiga kelib tushdi. Jabrlanganlarni kasalxonaga olib ketmoqchi bo‘lganida, qirg‘iz harbiylari tez yordam mashinasini granatomyotdan o‘qqa tutdi. Natijada avtomobil butunlay yonib ketgan, tez yordam ekipaji va barcha oila a’zolari: 53 yoshli ayol, uning 29 va 25 yoshli kelinlari, ulardan biri homilador, 6 yoshli qiz va 5 yoshli bolakay halok bo‘ldi», deyiladi xabarda.

Xalqaro reaksiya

Tojikiston tomoni, jumladan, mamlakat Tashqi ishlar vazirligi va prezidenti vaziyatga izoh bermayapti, xalqaro siyosatchilar va tashkilotlar bilan muzokaralar to‘g‘risida ma’lum qilgani yo‘q.

Qirg‘iziston tomoni esa YeXHTning amaldagi raisi, Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau, shuningdek, YeXHT bosh kotibi Helga Shmid, Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto bilan telefon orqali muloqot qildi. Ular inqirozni diplomatik yo‘l va tinch yo‘l bilan hal etish muhimligini bildirishdi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Qirg‘iziston va Tojikiston rahbariyatini uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatish uchun muloqot boshlashga chaqirdi.

«Ikkala tomon ham keskinlikni yumshatish uchun joylardagi mavjud mexanizmlardan to‘liq foydalanishi kerak. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonlarning so‘rovi bo‘lsa, chegaradagi kelishmovchiliklarga barqaror yechim topishda yordam berishga tayyor», — deyiladi BMT bosh kotibi vakilining xabarida.

Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Nuran Niyozaliyev xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari uchun o‘tkazilgan brifingda Dushanbe tomonidan janglarda «muntazam bo‘lmagan harbiylashtirilgan bo‘linmalar» qatnashganini aytdi.

«O‘z-o‘zini mudofaa qilish hamda Qirg‘iz Respublikasining suveren hududini Tojikiston qurolli kuchlari va muntazam bo‘lmagan harbiylashtirilgan guruhlarning makkor va fitnakor bosqinidan himoya qilish maqsadida Qirg‘iz Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qat’iy choralar ko‘rildi», — deyiladi uchrashuvda.

Qirg‘iziston va Tojikistonni o‘z ichiga olgan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti mojaroni «tinch yo‘l bilan muzokaralar stolida» hal etish tarafdori ekanini bildirdi.

KXSHT bosh kotibi Stanislav Zas va Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeyenbek Kulubayev telefon orqali suhbat chog‘ida «zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish muhimligini qayd etib, kuch ishlatish va og‘ir qurollardan, jumladan, artilleriya va baravariga o‘q otish reaktiv tizimidan foydalanishni qabul qilib bo‘lmas deb hisobladi». Mojaro faqat tinch yo‘l bilan hal qilinishi kerak, dedi tomonlar.

KXSHT kotibiyati harbiy vaziyatni hal qilish bo‘yicha hozircha boshqa choralar ko‘rmadi.

Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi (XQXQ) harbiy amaliyotlar chog‘ida tinch aholining tasodifiy qurbonlari, tinch aholining jarohatlanishi va fuqarolik obyektlariga zarar yetkazilishining oldini olish uchun barcha mumkin bo‘lgan ehtiyot choralarini ko‘rish zarurligini ta’kidladi. «Xalqaro insonparvarlik qonunchiligiga rioya qilish qurolli mojaro ishtirokchilarining mas’uliyatidir», — deya XQXQning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi rahbari Sangita Koyenig so‘zlaridan iqtibos keltiradi matbuot xizmati.

Chegaradagi mojaro

Botken viloyati Qirg‘izistonning O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh eng chekka hududidir. Viloyat hududida yettita anklav (bir davlatning boshqa davlat bilan o‘ralgan hududlari) mavjud va ushbu qurolli mojaro mintaqadagi ikkinchi yirik Vorux anklavi yaqinida boshlangan, deb yozadi BBC. U yerda 35 ming Tojikiston fuqarosi istiqomat qiladi.

Foto: BBC.

Bu hududdagi barcha qishloqlar qirg‘iz aholi punktlari va ekin maydonlari bilan o‘ralgan. Vorux yaqinidagi ta’riflanmagan hududlar tufayli mahalliy aholi va chegarachilar o‘rtasida tez-tez nizolar kelib chiqadi.

Bu uchastkada to‘siqlardan biri Tojikistonning asosiy hududi va Voruxni bog‘lovchi yo‘ldir. Ilk sovet xaritalariga ko‘ra (Qirg‘iziston va Tojikiston chegaralarni delimitatsiya qilish bo‘yicha muzokaralarda turli yillardagi xaritalarga tayanadi) bu yo‘l Tojikiston SSR hududiga tegishli bo‘lgan, keyingi xaritalarga ko‘ra esa allaqachon Qirg‘iziston SSR hududi hisoblanadi.

Yo‘lning ushbu qismi Leylek tumanidan Botken tumaniga eltadigan yagona yo‘l ham hisoblanadi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston hozircha vaziyatga munosabat bildirmagan. Taqqoslash uchun, 2021 yil aprelida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qirg‘iz-tojik mojarosiga zudlik bilan javob qaytargan va ertasi kuni prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘shni davlatlar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi.