Sudyalar oliy kengashining 14 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida bir necha nafar sudyaning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatishga oid masala ham ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda kengash matbuot xizmati.

Yakunda kengash qarori bilan Buxoro viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining sudyasi S. Badriddinov sudyalik qasamyodini hamda Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzganligi uchun lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati Fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlararo sudining sudyasi N. Baratov va Toshkent viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining sudyasi F. Djalalova odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzganliklari uchun lavozimidan ozod etilib, vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati Nurafshon tumanlararo ma’muriy sudining raisi B. Normamatov o‘z arizasi ko‘ra, Sirdaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi X. Nabiyev vafot etganligi sababli vakolatlari muddatidan ilgari tugatilib, lavozimidan ozod qilindi.