O‘zgidromet markazi Parij bitimida O‘zbekistonga yuklatilgan majburiyatlar doirasida mamlakatda iqlim o‘zgarishi masalalariga moslashish dasturini ishlab chiqish maqsadida navbatdagi loyihani boshladi. Ilk tadbirlar Qoraqalpog‘iston, Buxoro va Xorazmda o‘tkazildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori v.b. Fayzulla Agzamovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur loyiha BMT Taraqqiyot dasturi va Yashil iqlim jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilmoqda.

Foto: O‘zgidromet matbuot xizmati.

«Iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, yerlari qurg‘oqchilikka juda ta’sirchan bo‘lgan O‘zbekiston uchun allaqachon jiddiy va asosiy muammolardan biriga aylangan. Mamlakatning kam daromadli aholi qatlami eng qurg‘oqchil hududlarda yashaydi va ularning yashash tarzi ham qishloq xo‘jaligi bilan chambarchas bog‘liq. Ushbu hududlarda iqlim sharoiti va tabiiy resurslarning o‘zgarishiga nisbatan ta’sirchanlik darajasi oshib bormoqda. Shu kabi muammolar sabab hukumat iqlim o‘zgarishiga moslashish rejasini ishlab chiqish va qabul qilishga jiddiy kirishdi», — dedi Fayzulla Agzamov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Orol dengizining qurishi Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Buxoroga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda. Ushbu hududlarda iqlim tez o‘zgarib, turli xavflar tug‘ilish ehtimoli ham mavjud.

Shu bois milliy moslashuv rejasiga ko‘ra, loyiha doirasidagi ilk treninglar mazkur uch hududda o‘tkazildi. Unda O‘zgidromet markazi, Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash, Suv xo‘jaligi, Qishloq xo‘jaligi vazirliklar va tashkilotlarning hududlardagi xodimlari, fermer xo‘jaligi va klasterlar rahbarlari qatnashdi.

«Mutaxassislar tomonidan iqlim o‘zgarishining inson va davlatlarga ta’siri, O‘zbekiston va dunyodagi hozirgi vaziyatni to‘g‘ri anglash hamda baholash borasida treninglar tashkil etildi. Tadbirlar davomida ishtirokchilar fikr va tajriba almashib, iqlim o‘zgarishi va uning oldini olish borasida o‘z fikrlarini bildirdi. Ularning takliflari yaqin orada tayyorlanadigan huquqiy hujjatlar va rejalarga albatta, kiritiladi», — dedi Fayzulla Agzamov.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, kelgusida har bir hududning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy moslashuv rejasi ishlab chiqiladi.