Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti doirasida O‘zbekistonga tashrif buyuradigan chet ellik rasmiy delegatsiya vakillari va mehmonlardan Samarqand shahridagi mehmonxonalarga joylashishidan oldin koronavirusga qarshi PZR testlari olinadi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Buning uchun ular joylashadigan mehmonxonalarning har birida tibbiy mobil guruhlar tashkil etilgan.

Qatnashchilarga zarur hollarda tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Samarqand shahrida tunu kun faoliyat ko‘rsatuvchi “1303” qisqa raqamli Sall-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda mutaxassislar tomonidan ingliz, rus va xitoy kabi xorijiy tillarda tibbiy murojaatlar qabul qilinadi.

Shuningdek, barcha ixtisosliklar bo‘yicha mutaxassislar jamlangan 50 ta tibbiy brigada ularga tibbiy xizmat ko‘rsatadi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 16 martdan emlanganlik sertifikati yoki pasportiga ega chet el fuqarolaridan mamdakatga kirishda PZR-test natijasi talab etilmayapti.

Sertifikat yoki pasporti bo‘lmaganda kamida 72 soat oldin topshirilgan kovidga manfiy PZR-testni ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Har ikkilasi ham bo‘lmagan taqdirda esa chegara o‘tish punktlarida manfiy natijali ekspress-test ma’lumotnomaga (elektron QR code) ega bo‘lishi shart qilib belgilandi.