O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 iyun kuni imzolagan «Reklama to‘g‘risida»gi yangi qonun 9 sentabr — bugundan e’tiboran kuchga kirdi. Shunga muvofiq, reklama tarqatuvchilar yangi tartiblarga amal qilishi kerak.

Yangilangan «Reklama tili» moddasiga ko‘ra, avvalgidek, ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilari hamda logotiplar asl tilda ko‘rsatilishi mumkin. Reklamaning o‘zi davlat tilida tarqatilishi shart.

Uning mazmuni quyidagi talablarni hisobga olgan holda boshqa tillarga tarjima qilinganda takrorlanishi mumkin:

  • reklamaning boshqa tildagi tarjimasi matni uning davlat tilidagi ma’nosini buzmasligi kerak;
  • tashqi reklama obyektidagi reklama tarjimasi matni davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal tarzda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining 40 foizidan oshmasligi kerak;
  • tarjima matnining shrift o‘lchami davlat tilidagi reklama matni shriftidan kichik bo‘lishi kerak.

Shuningdek, teleradiokanallar va bosma ommaviy axborot vositalarida tarqatilayotgan reklamaning tarjimasi kunlik umumiy reklama hajmining 20 foizidan oshmasligi belgilandi.

Reklamani davlat tilida joylashtirish va uning mazmunini tarjima qilish talabi quyidagi reklamalarga tatbiq etilmaydi:

  • faqat chet tillarida chop etiladigan bosma nashrlarda va boshqa nashriyot mahsulotlarida;
  • materiallarni faqat chet tillarida joylashtirgan axborot veb-saytlarida;
  • chet tillarida efirga uzatiladigan ommaviy axborot vositalaridagi boshqa materiallarning televideniye, radio, video va kinoxronika dasturlari ko‘rsatilishi vaqtida.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi reklama aylanishi sohasida vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalari, bino va inshootlarga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatishga bo‘lgan huquq yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksionlar asosida 5 yil muddatga beriladi.

Qonunga ko‘ra, quyidagilar taqiqlanadi:

  • ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish;
  • narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko‘rsatish;
  • bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda axborot mahsulotini yosh tasnifini ko‘rsatmasdan reklama qilish;
  • milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish;
  • energetik ichimliklarning reklamasini soat 7:00 dan soat 22:00 gacha televideniye va radio orqali reklama qilish;
  • tamaki mahsulotlarini hamda tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarini reklama qilish.

Hujjatga ko‘ra, endilikda maktabgacha ta’limda (bog‘cha) hamda tarbiyada, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’limda foydalaniladigan bosma nashrlarda (darsliklarda, maktab kundaliklarida, maktab daftarlarida va boshqalarda) tovarlar reklama qilinmaydi. Shuningdek, ️narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko‘rsatish ham ta’qiqlanmoqda.

Bundan tashqari, dori vositalarini reklama qilishda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslarning ishtirok etishi taqiqlanadi.

Shuningdek, alkogol mahsulotlari reklamasiga yo‘l qo‘yilmaydi, ammo O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan pivo, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarni reklama qilishga ayrim hollarda yo‘l qo‘yiladi.