Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan Chilonzor ko‘chasidagi Dream House Stroy kompaniyasiga ajratilgan va metal devor bilan o‘rab olingan 0,2 gektar maydonda bir kechaning o‘zida 58 ta daraxt kesib tashlandi. Daraxtlar yo‘qotilayotgani haqida yana fuqarolar orasidagi faollar bong ura boshlashdi.

Maydon daraxtlar kesilguncha shunday ko‘rinishda bo‘lgan. Foto: t.me/iabajur.

Tarmoqlarda bu haqda xabar tarqalganidan keyingina voqea joyiga Toshkent hokimligi va Davlat ekologiya qo‘mitasi vakillari yetib kelishdi, so‘ng qo‘mita rahbari o‘rinbosari Islombek Boqijonov boshchiligidagi maxsus ishchi guruh tuzildi.

Qo‘mita ma’lum qilishicha, daraxtar 20 yanvar kuni ekologlar tomonidan xatlovdan o‘tkazilgan va dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Shu hujjat bilan «DREAM HOUSE STROY» tashkilotiga daraxtlarni kesmaslik va daraxtlarni saqlab qolish yuzasidan qonunchilikka belgilangan tartibda ogohlantirish berilgan, shuningdek korxona vakillari tomonidan daraxtlarga nisbatan noqonuniy harakatlarni amalga oshirmaslik yuzasidan 20 yanvarda kafolat xati taqdim etilgan.


Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi.

2022 yil 17 fevralida kompaniya tomonidan yagona darcha xizmati markazi orqali hududdagi daraxtlarni kesish yuzasidan ariza bilan murojaat etilgan. Toshkent shahar Ekologiya boshqarma tomonidan ariza atroflicha o‘rganilib, daraxtlarnig kesilishi borasida rad javobi berilgan.

Maxsus ishchi guruh tomonidan tunda olib borilgan o‘rganish ishlari jarayonida qurilish kompaniyasiga tegishli yer maydonidagi jami 58 dona har xil turdagi manzarali va mevali daraxtlar ildiz qismlari bilan birgalikda yo‘q qilinganligi aniqlangan. Daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmaganligi natijasida o‘simlik dunyosiga jami 797 700 000 so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Bu bilan, O‘zbekistonning «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning 37-moddasi talablari buzilib, Davlat ekologiya inspektorlarining qonuniy talablarini bajarmaganligi uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197−6-moddasi (ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, shuningdek uning ko‘rsatmalarini bajarmaslik), Jinoyat kodeksining 198-moddasiga (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) asosan javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi, deyiladi xabarda.

Chilonzor hokimligi xabariga ko‘ra, ayni manzilda Chilonzor tumani hokimligi tomonidan maydonni tekislab tartibga keltirish va kesilgan daraxtlar o‘rniga 69 dona har xil turdagi manzarali daraxtlarni ekish ishlari olib borilmoqda. Tuman ma’muriyati e’lon qilingan suratlardan esa ko‘chatlar allaqachon ekilganini ko‘rish mumkin. «Shuningdek, qurilish tashkiloti tomonidan o‘rnatilgan o‘ralma to‘siqlar (zabor) ham olib tashlanib, hudud obodonlashtirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Foto: Chilonzor tuman hokimligi.

Ta’kidlash joiz, kesib tashlangan daraxtlar Chilonzor tuman prokuraturasining ro‘parasida joylashgan. Avgust boshida Chilonzor ko‘chasini kengaytirish bahonasida 101 tup daraxtga shikast yetkazilgandi. Ushbu mojaro xabari davlat rahbarigacha yetib borgandi. Prezident topshirig‘iga asosan Chilonzor tumani hokimi Shavkat Mavlonov va prokurori Izzat Bozorov ishdan bo‘shatilgandi. Qolaversa, poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va prokurori Ulug‘bek Qosimovga qattiq hayfsan berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan mamlakatda daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilindi. Shunga qaramasdan hududlarda daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari davom etmoqda.

Misol tariqasida, yanvar o‘rtalarida Andijon viloyati perinatal markazida 12 tup daraxt kesib tashlangani haqida yozgan edik. O‘shanda O‘zbekiston Ekologiya davlat qo‘mitasi «dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, hududdagi daraxtlarni kesish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda atrof-muhitni muhofaza qilish organi bilan kelishilmagan. Mazkur hududdagi daraxtlarni kesishga qonunchilikda belgilangan tartibda ekologiya organi xulosasi va ruxsatnoma berilmagan», — deb ma’lum qilgan edi.

Bundan tashqari, 3 ferval kuni Toshkentning Yunusobod tumanida Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasi yonida joylashgan ko‘p qavatli uylar bilan avtomobil yo‘li orasidagi daraxtlarga uchinchi marotaba suiqasd qilingani haqida yozgandik. Tadbirkor soat 18:13 da beton aralashtiruvchi mashina va 15 ga yaqin ishchilar bilan kelib, daraxtlar tagini betonlab tashladi. Uning bu harakatlari videokuzatuv kameralariga tushib qolgan. Aholi murojaatiga ko‘ra, «Gazeta.uz» voqea joyiga yetib borib, videoreportaj tayyorladi.

Qolaversa, avgust oyi oxirida esa ekologlar besh yillik rekonstruksiyadan so‘ng, qayta ochilgan Milliy bog‘dagi daraxtlarga zarar yetkazilgani haqidagi xabarlarni tasdiqladi.